O‘zA O`zbek

15.05.2020 Chop etish versiyasi

Shamol energiyasidan foydalanish boʻyicha onlayn-taqdimot

Shamol energiyasidan foydalanish boʻyicha onlayn-taqdimot

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan AQSHning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) tomonidan elektr energetika tizimidagi mutaxassislar uchun eng zamonaviy “Lidar” texnologiyasiga asoslangan shamol tezligi va boshqa parametrlarini oʻlchash qurilmasining onlayn-taqdimoti oʻtkazildi.

Taqdimot chogʻida mutaxassislar “Lidar” texnologiyasining ishlash prinsipi bilan tanishdi. Mazkur texnologiya mamlakatimizda mavjud emasligi va shamol stansiyalarini qurishda shamol tezligini oʻlchash eng muhim omil ekanini hisobga olib, energetika mutaxassislari uchun ushbu qurilmaning 3 toʻplamini olish rejalashtirilmoqda.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiya asosan gidroelektrstansiyalar hissasiga toʻgʻri keladi. Qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga ishlab chiqarilgan energiya jami energiya hajmining 10 foizini tashkil etadi. Yaʼni, ulkan salohiyat boʻlishiga qaramasdan, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan deyarli foydalanilmayapti.

Vaholanki, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiyatejamkor texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish davlat siyosatining hozirgi bosqichdagi dolzarb yoʻnalishlaridan biridir.

Oʻzbekistonda 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 25 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bunda gidroenergetika – 11,2, quyosh energetikasi – 8,8, shamol energetikasi – 5 foizni tashkil etishi kerak.

31 022
OʻzA