O‘zA O`zbek

29.10.2018 Chop etish versiyasi

Robotlar jangi

Robotlar jangi Oʻzbekistondagi ilk Xalqaro robototexnika musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekstonda ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi, Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan “InnoWeek” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Xalqaro robototexnika musobaqasi (International Robotics Challenge) boʻlib oʻtdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Unda 6 mamlakatdan tashrif buyurgan 24 ta xorijiy jamoa va 40 ta mahalliy jamoa, jami 200 ga yaqin ishtirokchisi oʻzaro bellashdi.

Musobaqada qatnashish uchun arizalar shu yilning 25-sentyabridan 10-oktyabrigacha www.innoweek.uz sayti orqali onlayn qabul qilindi. 15 kun davomida kelib tushgan 200 dan ortiq onlayn ariza orasidan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston, AQSH va Rossiyadan ishtirok etish istagini bildirgan 70 nafar yosh va mutaxassis saralab olindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston shaʼnini “Robokidz” robototexnika maktabi, Artel texnika maktabi, Polito School NTM, TIE School NTM, hamda Turin politexnika universitetidan 30 ga yaqin jamoa himoya qilishdi.

Xalqaro robototexnika musobaqasida 9 yoshdan 16 yoshgacha va 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan yosh guruhlari orasida 6 ta kategoriyalar boʻyicha bellashuvlar olib borildi.

Butun dunyoda mashhur boʻlgan Sumo musobaqalaridan tashqari, ikkala yosh guruhida mahalliy konstruktorlardan yasaladigan robotlar orasida ham bellashuvlar olib borildi. 16 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilar “IntTech” korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan “JuniorE” konstruktorlarida bellashgan boʻlsalar, katta yoshdagi ishtirokchilar Avtosanoat innovatsiya markazi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Technobot” konstruktorlarida oʻz mahoratlarini sinab koʻradilar. Musobaqada umumjamoa hisobida Oʻzbekiston jamoasi gʻalaba qozondi.

Musobaqa doirasida 25-oktyabr kuni Yoshlar press-klubida chet ellik robototexnika ekspertlari ishtirokida press-brifing oʻtkazildi. Bundan tashqari, Qozogʻiston robototexnika federatsiyasi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi oʻrtasida robototexnika sohasini rivojlantirishda ikki davlat oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Barcha yoʻnalishlar gʻoliblari 26-oktyabr “InnoWeek” haftaligining yopilish marosimi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.



17 139
OʻzA