O‘zA O`zbek

15.01.2019 19:18 Chop etish versiyasi

ROBOCRAFT – yangi loyiha

ROBOCRAFT – yangi loyiha Poytaxtimizdagi “Barkamol avlod” respublika bolalar ekologiya va oʻlkashunoslik markazida bolalarga robot va dasturlarni ishlab chiqishni oʻrganish imkonini beruvchi RoboCraft kurslari ochilmoqda.

Bolalarning ayni yoʻnalishdagi bilimlarini oshirishga, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladigan sinfxona tashkil etildi.

RoboCraft – maxsus kurslardan iborat boʻlib, mashgʻulotlarda oʻquvchilar robotlarni yigʻish hamda ularni dasturlashni oʻrganadi. Oʻquv jarayonida oʻziga xos yondashuv asosida olib boriladigan mashgʻulotlar zamonaviy taʼlim modellariga tayangan holda oʻtiladi. Xususan, kurs mashgʻulotlari STEAM metodikasi asosida oʻtiladi. Ushbu taʼlim modeli oʻquvchilarga nafaqat bilim olish, balki ularni amalda qoʻllashda ham koʻmak beradi. Bu esa yoshlarning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirib, oʻzi tanlagan kasbga oson moslashishiga zamin yaratadi.

RoboCraft kurslari taʼlim yoʻnalishidagi davlat va xususiy sektorning birinchi qoʻshma loyihasi hisoblanadi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan xususiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Mazkur mashgʻulotlar “Barkamol avlod” respublika bolalar oʻlkashunoslik va ekologiya markazida boʻlib oʻtadi. Markaz oʻquv jarayonining oson, texnologik qulay va qiziqarli oʻtishi uchun barcha zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Kelgusida mazkur loyiha yurtimizdagi barcha “Barkamol avlod” markazlarida joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Dastlabki bosqichda oʻquvchilar SCRATCH asosida dasturlash bilan tanishtirilib, robot-dizayner Junior E misolida mexatronika asoslari boʻyicha taʼlim oladi. Shu tarzda algoritmlash boʻyicha asosiy bilim va zarur koʻnikmalarni olib, shaxsiy robotlarini boshqarishni oʻrganadi.

Xalq taʼlimi vazirligi kelgusida sarmoyadorlar bilan birgalikda yuqori malakali va raqobatbardosh yosh avlodni tayyorlash maqsadida “Barkamol avlod” markazlarini zamonaviy AKT vositalari bilan jihozlashni rejalashtirmoqda.




Barno Meliqulova, OʻzA
12 101