O‘zA O`zbek

22.05.2019 Chop etish versiyasi

Odamlarning qayg‘usidan shuhrat yasamaylik

Odamlarning qayg‘usidan shuhrat yasamaylik

Biz aytmoqchi bo‘lgan jabrdiyda hali o‘n sakkiz yoshga to‘lmay, hayot bilan vidolashdi. Uning onasi, buvisi, yaqinlari bu alamga chiday olmay, hammasini oshkor aytib berdi.

Odatda, bu mavzuda baralla gapirishga uyat, andisha yo‘l bermasdi. Ayniqsa, jabrdiydalarning bu haqda so‘z ochishi o‘n karra og‘irroq bo‘lardi. Lekin quyida biz aytmoqchi bo‘lgan jabrdiyda hali o‘n sakkiz yoshga to‘lmay, hayot bilan vidolashdi. Uning onasi, buvisi, yaqinlari bu alamga chiday olmay, hammasini oshkor aytib berdi. Yosh, uvol ketgan qizning qayg‘usi shunchalik kuchli ediki, hatto parda ortida aytishga iymaniladigan so‘zlar butun ommaga oshkor etildi. Ha, shunday bo‘ldi. Bu holatga javobgar yigit jazosini tortsin, albatta qamalsin, gulday qizimiz uvol ketadiyu, bunga aybdor yigit o‘ynab-kulib yuraveradimi, degan alam ularga tinchlik bermasdi. Ana shu alam ularni ekranga olib chiqdi, shu alam ularni gapirtirdi. Ularniku, tushunsa bo‘lar, bunday qayg‘uni ko‘tarish og‘ir, u bilan yashash og‘ir, lekin ularga yordam beraman deya «qahramonlik» qilgan bloger ham shu alam bilan o‘ralashib, sog‘lom fikrlashni unutdimikan, deb o‘ylab qoldim.

«Vazifangizdan ozod qilish masalasini qo‘yaman!»

Gap shundaki, yaqinda ancha muncha auditoriyaga ega bo‘lgan yutub kanallaridan birida Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 10-sinf o‘quvchisi nomusiga tegilgani uchun qiz o‘z joniga qasd qilgani haqida videotasvirlar paydo bo‘ldi. Jurnalist ekanligi shubhali bo‘lgan, nazarimda layk yig‘ish ishtiyoqidagi ishqiboz bloger yigit onalar kameraga qarata aytgan bor gapni ommaga oshkor qiladi. Unga bunday vakolatni kim bergan, deyish bugungi axborot asrida mushkul. Sababi, qo‘lida fotoapparat, mobil telefoni bor inson borki, bugun axborot tarqatish bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu ma’lumotlarning rost yoki yolg‘onligi bu alohida mavzu.

Xullas, mavzuni chuqur o‘rganishda davom etgan bloger mahalla faollarini yig‘ib, ularni ham so‘roqqa tutadi. Xususan, mahalla oqsoqoli, xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassisga ishlarni yetarli darajada olib bormaganini aytib, do‘q uradi. «Sizni vazifangizdan ozod etish masalasini qo‘yamiz» deya dag‘dag‘a qiladi mahalla mutaxassisiga. Mahalla raisi, o‘sha yerda yig‘ilgan aholiga bunday holatlarning oldini olish uchun «qimmatli» maslahatlarini beradi. Ko‘rgan sayin ensang qotadi: ekrandagi odamlar muammosini hal qilishga va’da berayotgan kishi kim o‘zi? Jurnalistmi yo?.. Umuman, masalani bu taxlit ommaga olib chiqish qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi. Kim unga bunday huquqni berdi?

Blogerning ham etikasi bo‘lishi lozim

Umuman, keyingi paytda jurnalistika qonun-qoidalarini ko‘ra bila turib, odamlarning qayg‘usini pesh qilib buzayotgan «muxbir»lar soni kun sayin ortib bormoqda. Ularning uslubi bir xil: odamlarning dardidan juda katta yopinchiq tikib olishadi. Masalaning qonuniy jihatlari, bu bilan bog‘liq ishlarni surishtirib o‘tirishga ularning toqati yo‘q. His-hayajonga, baqir-chaqirga to‘la yopinchiqni bayroq qilib atrofiga odam yig‘adi. Go‘yo ular mazlumlar, ezilganlar, xo‘rlanganlarning eng odil himoyachisiga aylanadi ommaning ko‘z o‘ngida. Mening vazifam – borini ko‘rsatib berish, deydi. Vaholanki…

Ustozlarimiz ish amaliyoti, qolaversa o‘z faoliyatim davomida ham ko‘plab shikoyat xatlarini, turli soha, turli darajadagi muammolarni o‘rganishimizga to‘g‘ri kelgan. Ular orasida muammolarning hal etilganlari ham talaygina bo‘lsa kerak. Ammo muhimi ushbu muammolar va uning tafsilotlari har doim ham gazetada chop etilmaydi yoki ekran yuzini ko‘rmaydi. Etika nuqtai nazaridan, qolaversa, inson sha’ni, qadr-qimmatini o‘ylagan holda aholiga baralla aytilishi shart bo‘lmagan muammolar bor. Ular haqda gapirish yana bir muammoni keltirib chiqarish ehtimoli juda kuchli. Deylik, inson ruxiyatiga shikast yetkazishi, achchiq ustida aytilgach, oshkor bo‘lgandan keyin o‘sha odamga turli xil ziyon yetkazishi mumkin.

Xuddi shunday, urgutlik marhuma qiz haqida onalar fikr bildirgan lavhalarni bloger fakt sifatida olib qo‘yishi, o‘zi esa masalaning qonuniy jihatlarini o‘rganishi lozim emasmidi. Axir uning maqsadi haqiqatni qaror toptirishku! Eng dahshatlisi, videoda g‘amboda onalar go‘yoki tergovchi yoki advokatga, haqiqatni qaror toptirish ilinjida marhuma qizi bilan bog‘liq eng nozik gaplarni ham aytib berayotgandi. Bloger onalarni shunga undayayapti. Lekin lavhalar davomida birorta mustaqil huquqshunos, bir ekspertning fikrini olish uning xayoliga kelgani yo‘q. To‘g‘ri, yuqorida ta’kidlaganimizday, mahalla mutaxassisi so‘roq qilinib, raisni izza qilganday bo‘layapti. Shu bilan tamom. Ha, aytgancha, ushbu oilaga yordam qilaylik, plastik karta ochtirdik, saxovat qilmoqchi bo‘lganlar marhamat deya, tomoshabinni xayriyaga undayapti.

Endi o‘ylab ko‘ring, ushbu videoning tarqalib ketishi Urgutning chekka bir bir qishlog‘idagi oilaning keyingi taqdiriga qanchalik aks ta’sir qilishi mumkin. Qavmu qarindoshlar, marhuma qizning yagona akasi bu voqea yanada mashhurlashgach qay ahvolga tushadi? O‘rtada adovat kuchayishi, bu esa qaysidir ma’noda bir jinoyatga zamin yaratishi ehtimoldan xoli emas.

Darvoqe, masala bo‘yicha tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qilganimda ular tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani, ularning o‘rganishi bo‘yicha yigitga chora ko‘rish haqida xulosa berilganini aytishdi. Ammo ekspertiza xulosasi boshqa bir faktni, ya’ni qizning bokira ekanini isbotlovchi dalilni keltirmoqda. Tergov ishlari esa davom etmoqda.

Xulosa o‘rnida

Muammoni yetarlicha o‘rganmay xulosa chiqarib, shov-shuvli lavhalar, maqolalar tayyorlash bugun ancha ommalashdi. Bunday maqolalarning ba’zilari mutaxassis nigohi bilan qaralsa, shunchalik mo‘rtki, masala bo‘yicha savol ketidan savol tug‘ilaveradi o‘quvchida. Eng qizig‘i, davlat idoralari xodimlari ham o‘z sha’nini himoya qilish maqsadida chuqur tahliliy, professional tanqidiy chiqishlarga emas, ko‘proq shu kabi baqir-chaqirlarga to‘la maqola, lavhalarga darhol munosabat bildirmoqda. Bunday holat esa tabiiyki, bu xil axborot tarqatayotganlar tegirmoniga suv quyayotir.

To‘g‘risi, ijtimoiy tarmoqlarda, yutubda paydo bo‘lgan yangi «jurnalistika» haqda yozishga anchadan beri istihola qilib yurgandim. Istiholam, bugun so‘z erkinligi ko‘tarilgan bir paytda, jurnalistlar aholi muammolarini erkin ko‘tarib chiqayotgan kunlarda o‘z ildizingizga bolta uryapsizmi, degan qarashlarning paydo bo‘lishida edi. Ammo asl jurnalistika bilan bir pullik ishi yo‘q, odamlar qayg‘usi, muammosini «biznes»ga aylantirib olayotganlarni o‘z vaqtida tanib olishimiz kerak, nazarimda. Xuddi shu fikr ushbu maqolaga turtki bo‘ldi. 

Gulruh MO‘MINOVA,
jurnalist

9 963
O‘zA