O‘zbekistonda internet-jurnalistika rivojlanmoqda
Poytaxtimizda “Milliy internet-jurnalistikani rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminari boshlandi.
Poytaxtimizda “Milliy internet-jurnalistikani rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminari boshlandi.Tadbir O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar axborot xizmatlarining mas’ul xodimlari, media soha ekspertlari, markaziy, hududiy bosma va internet ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchi va talabalari, blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A.Abdullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi A.Jo‘raboyev, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari A.Fayzullayev, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Toshboyev va boshqalar so‘zga chiqdi. Ular ushbu tadbir mamlakatimizda internet-jurnalistikaning bugungi ahvoli va uni rivojlantirish tendensiyalari haqida fikr almashish, veb-nashrlarda maqolalar sifatini yaxshilash masalasini ko‘rib chiqish, internet ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, shuningdek, jurnalistlar bilimi va mahoratini oshirish uchun o‘ziga xos maydon ekanini ta’kidladi.
Seminarda axborot sohasini isloh qilish borasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, media sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bosqichlari, internet ommaviy axborot vositalari uchun kadrlar salohiyatini oshirishning dolzarb masalalari, shuningdek, O‘zbekistonda onlayn-jurnalistikani rivojlantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani ta’kidlandi. Bu aholining o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkoniyatini kengaytiradi, barqaror iqtisodiy yuksalishga erishish, xalqimiz farovonligini oshirish, yurtimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Bu borada o‘nlab me’yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning 2012-yil 21-martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi “Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi va boshqa hujjatlar qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.
1995-yil 29-aprelda “.uz” domeni ro‘yxatga olinganidan buyon unda joylashtirilayotgan veb-saytlar soni yil sayin ko‘payib borayotgani buning amaliy natijalaridan biridir. Masalan, 2010-yilning fevral oyida mamlakatimiz internet makonida 10 mingta veb-sayt ro‘yxatga olingan bo‘lsa, joriy yil sentabrda ularning soni 18,3 mingdan oshdi. Internet ommaviy axborot vositalari ham jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda ommaviy axborot vositalarining 270 dan ziyod tarmog‘i foydalanuvchilarga axborot-tahlil xizmatlari ko‘rsatmoqda. WWW.UZ milliy axborot-qidiruv tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining veb-saytlariga har oyda 820 mingdan ortiq foydalanuvchi kirmoqda, bir oyda veb-saytlar o‘rtacha 11 million martadan ziyod ko‘zdan kechirilgani qayd etilgan.
– Zamonaviy media-maydon sifatida internet ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab- quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi muhim o‘rin tutadi, – deydi fondning bosh mutaxassisi Madina Ro‘zmatova. – Misol uchun, 65 axborot-tahlil, ijtimoiy-siyosiy, yangiliklar tarqatadigan bosma ommaviy axborot vositasiga o‘z veb-saytini yaratishga yordam berildi. Ularning 59 tasi gazeta, beshtasi jurnal va bittasi mustaqil internet-nashr saytidir. Fond tomonidan “Internet tarmog‘i bazasida yetakchi yirik media-tuzilmalar, hududiy tuman va shahar tahririyatlari o‘rtasida o‘z vaqtida va sifatli axborot almashish tizimini yaratish” loyihasining amalga oshirilgani tahririyatlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasidagi muhim voqea bo‘ldi.
Seminar ishtirokchilari elektron nashrlarning o‘ziga xosligi va ustuvorligi internetning keng imkoniyatlari orqali aniqlanishini qayd etdi. Birinchi navbatda, bu tezkor axborot yetkazishdir. Masalan, bir necha daqiqa avval ro‘y bergan voqeadan tarmoqda ko‘p millionli auditoriya xabardor bo‘ladi.
– Materialni sifatli qilib uzatish internet ommaviy axborot vositasining muhim ustuvorliklaridan biridir, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining katta o‘qituvchisi Nozima Murotova. – Bu nafaqat rangli tasvirlar, balki animatsiya va video-effektlar, ovoz jo‘rligi va boshqa bezak vositalari bo‘lib, ular birgalikda foydalanuvchilarning axborot olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi.
«Simple networking solutions» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Farhod Fayzullayevning ta’kidlashicha, o‘n millionlik O‘zbekiston internet makoni auditoriyasining katta qismi har kuni axborot veb-saytlari xizmatidan foydalanadi. Ularga zarur axborot-tahlil ma’lumotlarini qulay va sifatli shaklda taqdim etish uchun yangiliklar tarqatuvchi «Daryo.uz» veb-sayti kichkina matnlardan foydalanmoqda. Bu foydalanuvchilarga vaqtni tejash, voqea va hodisalarning asosiy jihatlari bilan tanishish imkonini berayotir. Mobil qurilmalar uchun maxsus «Daryo.uz» ilovasining ishlab chiqilishi va joriy etilishi foydalanuvchilarga katta qulayliklar yaratdi.
Ekspertlarning fikricha, bir paytning o‘zida huquqiy, texnik va media yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarning qabul qilinishi samarasida internet-jurnalistika samarali rivojlanadi. Shu munosabat bilan internet ommaviy axborot vositalari faoliyatiga nisbatan yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, ularning huquqlarini tartibga soladigan qonunchilik bazasini mamlakatimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakultetlarida alohida o‘qitish yo‘nalishini tashkil etish orqali kadrlar tayyorlashni takomillashtirish zarur.
Internet ommaviy axborot vositalari rivojlangani sayin ulardan foydalanuvchilarning roli ham o‘zgarib bormoqda. Ular asta-sekin axborot oluvchi maqomidan hammuallif va tarqatuvchi maqomiga o‘tmoqda. Seminar doirasida O‘znet va milliy hamjamiyatlarning ijtimoiy tarmoqdagi ilg‘or bloglarining taqdimoti ham o‘tkaziladi. Ushbu taqdimotlarda fuqaro jurnalistikasi va blog sohasini rivojlantirish tendensiyalari, ijtimoiy tarmoqlarning media-makon voqeliklariga ta’siri tahlil etiladi. Shuningdek, ishtirokchilar internet-jurnalistikaning milliy bo‘g‘inini rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildiradi.