O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy bo‘ladi

O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalanadigan mobil qurilmalarining IMEI-kodlarini avtomatik ravishda ro‘yxatga olish boshlandi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni noyob IMEI-kodlari bo‘yicha majburiy ro‘yxatga olish tartibi tasdiqlandi.

IMEIlarni (International Mobile Equipment Identity) avtomatik ravishda ro‘yxatga olish joriy etilishi bir yo‘la bir necha muammolarni hal etish imkonini beradi. Jumladan, mobil qurilmalarni o‘g‘irlash hollari, kontrafakt telefonlarni olib kirish hajmi kamayadi, terroristlar o‘zaro muloqot olib borishda foydalanadigan moslamalarni idensifikatsiya qilishda qo‘l keladi.

Hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi o‘g‘irlanganligi yoki yo‘qolganligi sababli “qora“ ro‘yxatga kiritilgan va bojxona tartiblaridan o‘tkazilmagan kontrafakt gadjet va qurilmalardan mamlakatimiz hududida foydalanishni cheklash imkonini beradi.

Xaridorlarni “qora ro‘yxat“ga kiritilgan yoki yanglish IMEIga ega bo‘lgan moslamalarni xarid qilishlarining oldini olish uchun uzimei.uz sayti tashkil qilindi, unda har kim qurilmaning noyob kodini tekshirib ko‘rishi mumkin.

IMEI vakolatli tashkilot tomonidan beriladi va apparat ichida saqlanadi.

Joriy yilning 1 noyabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarining IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish boshlanadi. Buning uchun ro‘yxatga oluvchi operatorlarga murojaat qilish kerak.

3 163
Roman BONDARChUK, O‘zA