O‘zA O`zbek

19.10.2018 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston va Rossiya IT-kompaniyalari hamkorlik qilishga tayyor

Oʻzbekiston va Rossiya IT-kompaniyalari hamkorlik qilishga tayyor Toshkentda boʻlib oʻtayotgan Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida I hududlararo hamkorlik forumida Rossiyaning yirik IT va yuqori texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda. Ularning aksariyati Oʻzbekiston vazirlik va idoralari bilan koʻp yillik samarali hamkorlik qilib, mamlakatimizga oʻzining zamonaviy ishlanma va texnik yechimlari bilan tashrif buyurgan.

Yevgeniy Netunaxin, Rossiyaning “ProSoft” kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida savdo boʻyicha direktori:

– “ProSoft” kompaniyasi qariyb oʻn yildan buyon Oʻzbekistonning energetika, neft va gaz tarmogʻi uchun asbob-uskuna va dasturiy majmualarni yetkazib beradi. Oʻzbekistonning deyarli barcha energetik obyektlarida uskuna hamda dasturiy taʼminotimiz oʻrnatilgan va samarali foydalanilmoqda. Mazkur forumda raqamli podstansiyalarimizni namoyish qilmoqdamiz. Ularda xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga deyarli ehtiyoj yoʻq, zoʻriqish va kuchlanish oʻzgarishlariga nisbatan chidamli va ishonchli. Bundan tashqari, ular dasturiy majmualarga integratsiya qilinadi, bu esa ishni masofadan boshqarish, diagnostika va monitoring oʻtkazish imkonini beradi. Natijada bu nafaqat elektr energiyasini tejash, balki elektr taʼminotidagi uzilishlar xavfini pasaytirishga zamin yaratadi. Biz shuningdek, ularga yozdagi ortiqcha elektr energiyasini Janubiy Osiyo mamlakatlariga uzatish va sotish imkoniyatini taqdim qilgan holda, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ekologik toza gidroenergetika resurslaridan imkon qadar samarali foydalanishga imkon beradigan CASA-1000 loyihasini amalga oshirishda ishtirok etmoqdamiz. Mazkur loyiha doirasida Oʻzbekistonda yangi uskuna, jumladan, raqamli podstansiyalarni ham yetkazib berish niyatidamiz.

Tatyana Kriskaya, “Energosila” Rossiya – Oʻzbekiston kompaniyasi vakili:

– Rossiyada Oʻzbekistonning meva va sabzavot mahsulotlariga boʻlgan talab oshishda davom etmoqda. Yaqin yillarda yetkazib berish hajmi yanada ortishiga shubha yoʻq. Bugun biz Oʻzbekistonning “FerMa” qishloq xoʻjaligi eksportini raqamlashtirish sohasidagi loyiha taqdimotini oʻtkazdik. U qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun elektron savdo maydonchasini ifoda etib, eksport madaniyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Hozirgi vaqtda elektron maydoncha mobil ilovasi koʻrinishida ishlab chiqilgan. Birinchi navbatda, u oʻzbekistonlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, rossiyalik riteyler va savdo vositachilari uchun foydali boʻladi. Bunda tomonlar oʻrtasidagi bitimlarni umumlashtirish va bozordagi mavjud yirik vositachilar zanjirini bartaraf qilish hisobiga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish muddati sezilarli ravishda qisqaradi, fermerlar daromadi oshadi, riteyler xarajati kamayadi. Barcha savdo ishtirokchilari uchun bozordagi mavjud talab va takliflarni oʻrganish va har qanday vaziyatga moslashish imkoni paydo boʻladi. Pirovardida, bitim bilan bogʻliq barcha moliyaviy amaliyotlar va jarayonlarni “FerMa” mobil ilovasidan chiqmagan holda kuzatib borish mumkin.

Aleksandr Pyavkin, Rossiyaning “Logrokon” MCHJ kompaniyasi vakili:

– Kompaniyamiz dasturiy taʼminot ishlanmalari va soft ishlab chiqarish metodologiyasi bilan shugʻullanadi. Forum doirasida biz dasturiy taʼminot ishlanmalari metodologiyasining turli xil xususiyatlarini namoyish qildik. Gap shundaki, soft ishlab chiqaruvchilari yildan-yilga ularning soʻnggi mahsulotlari sifatiga taʼsir koʻrsatuvchi aynan bir xil xatolarni takrorlamoqda. Ishlab chiqaruvchilar, birinchi navbatda, ularning faoliyati natijasi imkon qadar buyurtmachining istagiga javob berishiga ahamiyat qaratishi lozim. Biz buyurtmachi va ishlab chiquvchi mutaxassis oʻrtasida soʻnggi modifikatsiyadagi sifatli mahsulot olishga imkon beruvchi kooperatsiyaga moʻljallangan xalqaro “DevOps” standartiga tayanamiz. Oʻtgan yili men Oʻzbekistondagi birinchi mobil aloqa tarmoqlaridan birini ochishda ishtirok etgan edim va mamlakatingizda bu yoʻnalishda yana sheriklar topishga umid qilaman.

Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi I hududlararo hamkorlik forumi oʻz ishini davom ettiradi va kelgusida ikki mamlakat IT-sanoatining yanada yaqinlashishida katalizator boʻlib xizmat qiladi.



17 788
Roman Bondarchuk, OʻzA