O‘zA O`zbek

23.01.2020 Chop etish versiyasi

Nukusda texnopark tashkil etilmoqda

Nukusda texnopark tashkil etilmoqda

Nukus shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali tashkil etilmoqda. 

Ushbu texnoparkning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filialini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tashishi maqsadida IT Center direktori N.Alibekov va maslahatchi Yokut Gyokxan Nukus shahriga tashrif buyurdi. 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda mamlakat yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining hududiy filiali 2020 yil yakuniga qadar tashkil etish topshirilgandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Timur Baekeev. – Unga ko‘ra, 2020 yil yakuniga qadar texnoparkning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Namangan viloyatlari hududiy filiallari tashkil qilinishi belgilangan. Hozirda Nukus shahrida texnoparkning hududiy filialini tashkil qilish bo‘yicha qurilishiga yer maydoni ajratilmoqda. 

Texnopark filiallari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan va davlat-xususiy sherikchiligi asosida amalga oshirilishi belgilangan. 

Texnopark yoki “IT PARK”– istiqbolli startap loyihalarini yo‘lga qo‘yish va ularni bozorga olib chiqishga xizmat qiladigan, fan va ta’lim muassasalari bilan integratsiyalashuv orqali amalga oshirishga mo‘ljallangan majmua bo‘lib, u zarur bino, inshoot va uskunalarni o‘z ichiga oladi. “IT PARK” faol iqtidor egalarini huquqiy, buxgalteriya, marketing va ilmiy-pedagogik masalalarda qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z biznes loyihalarini chinakam biznesga aylantirish uchun barcha imkoniyat beradigan maskandir. 

24 069
Ye.QANOATOV, O‘zA