Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 16:45 Chop etish versiyasi

Mobil aloqa: texnologiyalar, sifat va xavfsizlik

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan davra suhbati ana shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekistonda mobil tarmoqlarni yanada rivojlantirish, mobil operatorlar tayanch stansiyalari sonini ko‘paytirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, mobil operatorlar, tayanch stansiyalari va mobil texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, poytaxtimizdagi kommunal xizmat vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mobil aloqa va mobil internet sifatini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda beshta mobil operatori ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu erkin raqobat va ular ko‘rsatayotgan xizmatlarning arzon bo‘lishiga xizmat qilmoqda. 21 milliondan ortiq kishi mazkur operatorlar mijozi bo‘lib, ularning aksariyati faol internet foydalanuvchilaridir. Mobil aloqa va internet sifatini yaxshilash maqsadida so‘nggi ikki yil ichida yurtimizning barcha viloyatlarida ikki mingdan ziyod tayanch stansiyasi barpo etildi.

Mobil aloqa operatorlari mobil tarmoqlarning to‘la qamrovni ta’minlash, ma’lumot o‘tkazish hajmi va quvvatini oshirish uchun o‘z tayanch stansiyalarini nafaqat noturarjoy binolari, ayni damda shahardagi ko‘p qavatli uylarda ham o‘rnatishiga to‘g‘ri kelmoqda. Aholi bunday uskunalarning inson organizmiga zarar keltirishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Davra suhbatida tegishli mutaxassislar mazkur masala yuzasidan batafsil tushuntirish berdi. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda tayanch stansiyalari bo‘yicha joriy qilingan signalning texnik o‘lchamlariga amal qilinganda ular inson salomatligiga hech qanday ziyon yetkazmaydi. Shuningdek, dala sharoitida olib borilgan tadqiqot natijalari bilan ham tanishtirildi. Kuzatuvda tayanch stansiyalarining tabiiy muhit uchun xavfsiz ekanligi isbotlandi.

Tadbirda tayanch stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha tartib-qoidalar, ularni ishlatish me’yorlari hamda turar joy binolari tom qismida tayanch stansiyalarini ta’mirlash va qayta ta’mirlash hollarida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati a’zolarining huquqlari muhokama qilindi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
720






Все о погоде - Pogoda.uz