O‘zA O`zbek

23.01.2020 Chop etish versiyasi

Login-parol o‘g‘risi fosh bo‘ldi

Login-parol o‘g‘risi fosh bo‘ldi

Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Toshkent yuridik kollejida Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi tomonidan ochiq sayyor sud majlisi va “Mening mahallam – mening sudyam” shiori ostida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Chilonzor tumani xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Chilonzor tumani kengashi vakillari, prokuror, advokat, sudyalar, mahalla faollari, o‘qituvchi-murabbiylar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi raisi Ilgizar Sobirov, sudya Sarvar Aripov va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligiga erishishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan nutqi mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.

Shuningdek, tadbirda sayyor sud yig‘ilishlarining maqsadi haqida tushuncha berilib, bu shunchaki emas, balki huquqbuzar jinoyatining negizi, uning oqibatini ko‘rib, anglash hamda huquqiy ongimizni oshirish uchun muhim tadbir ekani qayd etildi.

Sayyor sudda 5 ta hukm o‘qildi va jinoyat ishlaridan fotolavhalar ko‘rsatildi. Jumladan, sudya S.Aripov tomonidan A.N.ga oid sud ishi ko‘rildi.

A.N. 2019 yil 16 iyulda “OLX” elektron bozoriga bahosi 900 AQSh dollari qiymatidagi “IPhone XS” telefon apparatini sotish maqsadida e’lon joylashtirgan M.Yu.dan telefonini sotib olishini aytadi. U telegram messenjeridan “Mar” nomi orqali aloqaga chiqib, M.Yu.dan “IPhone XS” telefon apparatiga “Apple ID” loginini kiritib turishini so‘raydi. Muddaosini esa muqaddam “IPhone XS” telefon apparatini yo‘qotib qo‘ygani, shu yo‘l bilan “Apple ID” logini orqali yo‘qotib qo‘ygan telefonidan fayllarni tiklab olish, deya tushuntiradi.

M.Yu. unga ishonib bergan parolni o‘zining “Apple ID” logini o‘rniga kiritgandan so‘ng tovlamachi internet tarmog‘i orqali M.Yu. “IPhone XS” telefon apparatining “Apple ID” logini va kodini o‘zgartirib, keyinchalik ushbu “Apple ID” logini va kodni berishi uchun undan 150 AQSh dollari talab qilgan.

A.Nurmuhamedov bundan tashqari yana 3 kishidan shu yo‘l bilan pul undirgan. Sud jarayonida jazoni yengillashtirish maqsadida Yoshlar ittifoqi va Chilonzor tumani “Yakkatut“ MFY tomonidan kafolat xatlari taqdim etildi. Huquqbuzarga nisbatan 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, sud zalida ozod etildi. Unga nisbatan tegishli cheklovlar qo‘yildi.

26 704
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA