O‘zA O`zbek

21.05.2019 Chop etish versiyasi

Laso xonim: Biri Fransiyada bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekistonda

Laso xonim: Biri Fransiyada bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekistonda

Toshkent viloyatidagi Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida quyosh energiyasini qo‘llash sohasida ilmiy-eksperimental tadqiqotlar olib borish uchun salmoqli tajriba to‘plangan. Bu yerda qator xomashyo hamda sanoat chiqindilari negizida mustahkam keramik materiallar tayyorlanadi. Ular tibbiyot, neft, gaz, yengil va elektrotexnika sanoati uchun zarur buyumlar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratishda qo‘llaniladi.

Kuni kecha BMT eksperti Pilar Alvarez-Laso xonim va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari v.b. Ulug‘bek Qosimxo‘jaev mazkur birlashmaning Materialshunoslik institutida bo‘ldi. Ularga Toshkent viloyati turizmni rivojlantirish departamenti mutasaddilari “Katta Quyosh sandoni” qurilishi bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi.

photo5409157434527820362.jpg

Xususan, mazkur qurilma uchun dengiz sathidan 1100 metr balandlikdagi hozirgi joy tanlanib, yer maydoni portlatiladi. So‘ngra 30 metr chuqurlikdan temir-beton asosli poydevor qo‘yilishi, konsentrator va texnologik minora joylashgan inshoot 60 metr balandlikda barpo etilgani, uning tepasiga lift yordamida chiqilishi kabilar.

– Quyoshli kunlar 280 kunni tashkil etadigan bunday majmua dunyoda faqat ikkita, – deydi Pilar Alvarez-Laso xonim. – Biri Fransiyada bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekistonda. Biroq, yaqin-yaqingacha ushbu noyob ob’ektga kirish uchun maxsus ruxsatnoma kerak edi. Hozirda esa mazkur ob’ektning barcha uchun eshiklari ochiq. Aslida bu ob’ekt xorijlik sayyohlar uchun ham qiziqarli maskan hisoblanadi. Bu joylar turistik marshrutga kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

photo5409274171738925720.jpg

Qayd etish joizki, avvallari harbiy maqomga ega bu binoda kosmik qurilmalarning sirtqi qoplamalari va harbiy texnikalar sinovdan o‘tkazilgan. Shuningdek, quyosh yuzasining ko‘p maqsadli kuzatuvlari olib borilgan, tibbiyot, neft-gaz va to‘qimachilik sanoati uchun ishlanmalar amalga oshirilgan.

Ayni vaqtda mazkur qurilma yaqinida besh yulduz mehmonxona qurilib, mahalliy va xorijiy sayyohlar, ayniqsa, ilmiy turizm vakillari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishni ta’minlamoqda.

3 055
Sayyora ShOEVA, O‘zA