O‘zA O`zbek

11.06.2019 Chop etish versiyasi

Korea Telecom Oʻzbekistonning 2766ta maktabini zamonaviy kompyuter bilan taʼminlaydi

Korea Telecom Oʻzbekistonning 2766ta maktabini zamonaviy kompyuter bilan taʼminlaydi

Bu borada Koreya Respublikasining Eksport-import banki (Eksimbank) 33 million AQSH dollari hisobiga kredit ajratadi.

Xalq taʼlimi vazirligi Axborot xizmati maʼlum qilishicha, Janubiy Koreyaning Korea Telecom (KT) kompaniyasi 2766ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi sinflariga jami 2859ta oʻquv-kompyuter yetkazib, oʻrnatib beradi.

Prezidentimizning 5ta muhim tashabbusini amalga oshirish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan mamlakatimizning umumtaʼlim maktablarida 2859ta oʻquv-kompyuter sinflari tashkil etilishi belgilandi.

Joriy yilning 7-iyun kuni Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov va KT kompaniyasi Prezidenti Yu Yeng Park yurtimizda oʻquv-kompyuter sinflarini tashkil etish boʻyicha shartnomani imzoladi.

Janubiy Koreyaning KT kompaniyasi “Maktab taʼlimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish” loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan tenderda gʻolib boʻldi. Loyiha Koreya Respublikasining Eksport-import banki (Eksimbank) ajratgan $33 mln. kredit hisobiga moliyalashtiriladi.

Loyiha doirasida KT kompaniyasi 2766 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari sinflariga jami 2859 ta oʻquv-kompyuter yetkazib, oʻrnatib beradi. 2019-yil oxiriga qadar oʻquv-kompyuterlar 700 ga yaqin maktablarga yetkazib berilishi kutilmoqda.

FormatFactorykt_0094.jpg

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ushbu tashabbusning uchinchisi aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreya Oʻzbekistonning ishonchli hamkorlaridan biri ekanligini, shuningdek, loyiha birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirilishini aytib oʻtdi.

Mazkur loyiha maktab oʻquvchilarining kompyuter savodxonligini oshirishga yordam berishini hamda Oʻzbekistonda axborot texnologiyalari xizmatlarini rivojlantirish mamlakat uchun ustuvor yoʻnalishlardan biridir, deya taʼkidladi vazir.

Shu munosabat bilan Xalq taʼlimi vazirligi oʻquv dasturi, jumladan, axborot texnologiyalarini oʻqitish boʻyicha dasturlarni qayta koʻrib chiqmoqda.

12 504
OʻzA