O‘zA O`zbek

27.02.2020 Chop etish versiyasi

Kompyuter oʻyinlarini oʻynab, taʼlim olish mumkin

Kompyuter oʻyinlarini oʻynab, taʼlim olish mumkin

Finlyandiyaning aksariyat yigitlari ingliz tilini qizlarga qaraganda yaxshiroq biladi. Chunki ular asosan mahalliylashtirilmagan va ingliz tilida chiqadigan kompyuter oʻyinlarini oʻynaydi.

Bu – oʻyin orqali taʼlim olishning anʼanaviy taʼlimdan afzalligini yaqqol koʻrsatadi. Oldindan maʼlumki, odamlar oʻziga qiziq boʻlgan yangi maʼlumotni yaxshiroq oʻzlashtiradi.

Toshkentdagi Inha universitetida boʻlib oʻtgan professor Piter Vesterbakaning IT-mutaxassislari va tadbirkorlar uchun oʻtkazgan treningi aynan shu mavzuga bagʻishlandi.

Piter Vesterbaka butun mobil oʻyinlar sanoatining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan mashhur “Angry Birds” mobil oʻyinining ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Ushbu oʻyinni chiqargan “Rovio” kompaniyasiga oʻtgunga qadar Piter Vesterbaka ancha vaqt axborot texnologiyalari sohasida ishlagan va bir qator yirik IT-loyihalarni yaratgan. 2011-yilda finlyandiyalik IT-mutaxassis “TIME” jurnalining reytingida dunyoning eng obroʻli odamlarning yuztaligiga, 2015-yilda esa oʻntaligiga kirdi. 2018-yilda u Shanxaydagi Tunszi universitetining innovatsiyalar va tadbirkorlik boʻyicha professori boʻldi.

Piter Vesterbaka oʻz nutqini Kremniy vodiysining paydo boʻlishi va mobil texnologiyalarning rivojlanishi tarixiga nazar tashlashdan boshladi. Finlyandiyalik tadbirkorning fikricha, innovatsiyalarni nafaqat yaratish, balki ularni targʻib qilish kerak. Mobil telefonlar uchun ringtonlarni sotish biznesi endi paydo boʻlayotgan paytda hech kim qoʻngʻiroq uchun musiqa sotish foyda olib kelishiga ishonmagan. Piter Vesterbaka birinchilardan boʻlib ushbu texnologiyaga ishonib, uni uyali aloqa operatorlariga taklif eta boshlagan. Mazkur texnologiyani joriy etgan kompaniyalar atigi bir necha hafta ichida oʻzlarining kiritgan mablagʻini qoplab, ushbu xizmat yoʻq boʻlguncha muntazam foyda olgan.

Finlyandiyalik professor oʻzbek startapchilarini oʻz orzusi sari intilish va omadsizliklarga qaramasdan oʻzi sevgan ish bilan shugʻullanishni davom ettirishga chorladi. Uning taʼkidlashicha, “Angry Birds”ga qadar “Rovio” kompaniyasi koʻplab oʻyinlar yaratgan, ammo ulardan faqat bittasi haqiqatdan ham katta shuhrat qozongan. Oʻz ishiga muhabbatgina insonni ijobiy natijalar yoʻqligiga qaramasdan shu ish bilan shugʻullanishga daʼvat etadi.

Piter Vasterbaka Finlyandiyada taʼlim tizimi boshqa davlatlardagi taʼlim tizimidan nima bilan farq qilishini tushuntirib berdi. Shuningdek, u oʻzining soʻnggi loyihalari va kompyuter oʻyinlari orqali taʼlim olish konsepsiyasini namoyish etdi.

Piter Vasterbaka oʻz nutqi soʻnggida trening ishtirokchilarining savollariga javob berdi.

13 104
Roman BONDARCHUK, Otabek MIRSOATOV (surat), OʻzA