Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.08.2017 16:07 Chop etish versiyasi

Keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda

O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmog‘ini jadal raqamlashtirish asnosida yuqori tezlikda axborot uzatish imkonini beradigan sifatli va ommabop telekommunikatsiya uskuna va moslamalariga talab ortmoqda.

Shu maqsadda mamlakatimizda yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlar tashkil etilib, mavjud korxonalar mahsulotlari turi kengaymoqda. Bu boradagi barcha chora-tadbirlar 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z aksini topgan. Unda yurtimiz telekommunikatsiya tizimini keng ko‘lamda modernizatsiya qilish, telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining ishlab chiqarish korxonalarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Alisher Nazarovning aytishicha, kompaniya tomonidan mamlakatimiz axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu borada mahalliylashtirish darajasini oshirish, telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuqori texnologik mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan “Navoiy” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarida beshta ana shunday korxona tashkil etilgan. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga nafaqat korxona va tashkilotlar, aholi orasida ham talab yuqori. Ayni paytda ushbu korxonalarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish 15 foizni tashkil etmoqda. Yaqin orada mahalliy xomashyo asosida butlovchi qismlar ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy uskunalarni joriy etish orqali mahalliylashtirish hajmi 40 foizga yetkaziladi. Bu mahsulot tannarxini kamaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

– Kompaniyamiz yetti yillik faoliyati davomida telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha boy tajriba orttirdi, – deydi “Telecom Innovations” qo‘shma korxonasi rahbari F.Aliyev. – Hozirgi kunda korxonamizda modem, router, setopboks va televizorlar uchun raqamli tyunerlarning qator nusxalari ishlab chiqarilmoqda. Har yili 140 mingtagacha ana shunday moslamalar ishlab chiqarmoqdamiz, ularning har biri o‘zbek tilidagi interfeysga ega. Optik kabellar uchun mufta va moslamalarimiz uchun korpuslar ishlab chiqarish uchun yiliga 20 minggacha mufta ishlab chiqarish imkonini beruvchi yangi uskuna xarid qildik.

“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan chekka tumanlar aholisining ham keng polosali internetdan foydalanishini oshirishga oid dastur ishlab chiqilgan. 2021-yilga qadar uzunligi 270 ming kilometrdan ortiq optik tolali liniya yotqizish rejalashtirilgan. Shu maqsadda poytaxtimizda optik tolali kabel ishlab chiqaradigan yangi zavod qurilishi bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda qurilish-montaj ishlari, ishlab chiqarish uskunalari yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yangi zavod 2019-yil boshida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mahalliy korxonalar optik tolali aloqa liniyalarini montaj qilish uchun zarur bo‘ladigan moslama va qurilmalar ishlab chiqarishni ham faol yo‘lga qo‘ymoqda. Import o‘rnini bosuvchi telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish mamlakatimiz axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, aholining keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
1 310






Все о погоде - Pogoda.uz