O‘zA O`zbek

22.05.2018 18:05 Chop etish versiyasi

Ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligi

Toshkentlik Laylo Raupova Sergeli tumanida “Nurli kelajak sari” o‘quv-innovatsion markazini bunyod etmoqda. Bu yerda xususiy maktabgacha ta’lim maskani, fan, san’at va badiiy ijodiyot, til o‘rganish to‘garaklari, kasbga o‘qitish va malaka oshirish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va bir qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligi qiziqarli seminarlar, davra suhbatlari, taqdimotlarga boy bo‘lmoqda.

Qo‘mita xotin-qizlarning o‘z iste’dodini namoyon etishiga yaqindan ko‘maklashish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yil davomida malaka oshirish kurslari, kasb-hunar o‘rgatishga yo‘naltirilgan o‘quv mashg‘ulotlari, mahorat darslarini tashkil etib bormoqda. Opa-singillarimiz tomonidan yaratilgan innovatsion mahsulotlar, texnika va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish va ishlab chiqarish korxonalarini ochish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkentlik Laylo Raupova Sergeli tumanida “Nurli kelajak sari” o‘quv-innovatsion markazini bunyod etmoqda. Bu yerda xususiy maktabgacha ta’lim maskani, fan, san’at va badiiy ijodiyot, til o‘rganish to‘garaklari, kasbga o‘qitish va malaka oshirish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

– Ayollarning ezgu g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi L.Raupova. – Bunday imkoniyatlardan oqilona va unumli foydalanish, ularning qadriga yetish burchimizdir.

Haftalikning navbatdagi kunida olim va mutaxassislar ishtirokida “Tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlarining huquqiy muhofazasi”, “Intellektual mulk obyektlaridan tadbirkorlik faoliyatida foydalanish”, “Standartlashtirish va sertifikatlashtirishning mahsulot raqobatbardoshligida tutgan o‘rni”, “Tashkilot standartini ishlab chiqish va muvofiqlik sertifikati olish” kabi mavzularda o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
6 831