O‘zA O`zbek

15.05.2019 Chop etish versiyasi

IT texnologiyalar boʻyicha izlanayotgan ayollar

IT texnologiyalar boʻyicha izlanayotgan ayollar


Toshkent shahridagi Inha Universitetida “TECHNOWOMENUZ” forumi oʻtkazildi.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Ixtirochi ayollar markazi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.

Forumda muhandis hamda dasturchi xotin-qizlarning ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, ularni sanoat va axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohalariga keng jalb qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ikki kunlik forum doirasida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Intelektual mulk agentligi xodimlari tomonidan oʻquv-seminarlar oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston Ixtirochi ayollari markazi ekspertlari esa maʼruzalar oʻqimoqda.

Forum doirasida Xotin-qizlar qoʻmitasi tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun “Axborot kommunikatsiya texnologiyalari” boʻyicha oʻquv-seminar ham tashkil etildi. Unda tinglovchilarga zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari xaqida asosiy tushunchalar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar, shaxsiy kompyuterlar bilan ishlash, axborot xavfsizligi asoslari va xavfsizlikni taʼminlash masalalari va boshqa zamonaviy IT texnologiyalarga oid maʼlumotlar yetkazildi.


966
N.USMONOVA, OʻzA