O‘zA O`zbek

11.03.2020 Chop etish versiyasi

IT-loyihalarni qanday boshqarish va qoʻllab-quvvatlash mumkin?

IT-loyihalarni qanday boshqarish va qoʻllab-quvvatlash mumkin?

Ushbu masalaga bagʻishlangan mahorat darsini IT-biznesini rivojlantirish sohasidagi taniqli bulgʻor mutaxassisi Ivaylo Georgiyev Amiti universitetining Toshkent filialida oʻtkazadi.

Tadbirni mahalliy IT-kompaniyalar asoschi va direktorlari, loyiha menejerlari uchun Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT PARK) AQSHning Xalqaro rivojlanish boʻyicha agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil qilishgan.

IT Park maʼlumotlariga koʻra, mahorat darsi doirasida IT-biznesni rivojlantirish va biznes-jarayonlarni tashkillashtirish sohasida menejmentning dolzarb masalalariga bagʻishlangan leksiya boʻlib oʻtadi. Ivaylo Georgiyev tadbir qatnashchilariga oʻz sohalarida peshqadam boʻlgan yetakchi xorijiy kompaniya va korxonalarning biznes strategiyasi va novatorlik yechimlari toʻgʻrisida soʻzlab beradi.

U shuningdek, biznes jarayonlarini baholashda yuzaga keladigan asosiy xatolar va ulardan qutilib qolish imkonini beradigan uslublar bilan tanishtiradi. Biznes-trener qatnashchilarga oʻzining koʻp yillik tajribasi misolida vazifalar bajarilishi davomiyligini samarali boshqarish va mijozlarning doim oʻzgarib boradigan ehtiyojlarini qanday qondirish mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.

Ivaylo Georgiyev “Kanban University”ning akkreditatsiyasini olgan oʻqituvchi, AgileDigm Incorporated konsalting kompaniyasida SCRUM loyihalarini boshqarish uslublari boʻyicha sertifikatli trener. Ivaylo jarayonlarni takomillashtirish va strategik boshqarish boʻyicha 15 yillik muvaffaqiyatli tajribaga ega. U Bolgariya, Ukraina va Gruziyaning eng yirik banklari, Software AG va Nemetschek dasturlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda jarayonlarni yaxshilash va biznes-strategiyalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan oʻqitish va baholash boʻyicha xizmatlar koʻrsatgan.

Maʼruzalar soʻnggida barcha xohlovchilar Ivaylo Georgiyevga oʻz savollari bilan murojaat qilishi mumkin.

8 536
Roman BONDARCHUK, OʻzA