Intellektual tizimlar – mutaxassislar xizmatida
Zamonaviy texnologiyalar ko‘p yillik tajribaga ega va yuqori malakali mutaxassislarning ish sifati hamda samaradorligini yanada oshirish imkonini bermoqda. Poytaxtimizda zamonaviy intellektual tizimlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro forumda shular haqida so‘z yuritildi.
Zamonaviy texnologiyalar ko‘p yillik tajribaga ega va yuqori malakali mutaxassislarning ish sifati hamda samaradorligini yanada oshirish imkonini bermoqda. Poytaxtimizda zamonaviy intellektual tizimlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro forumda shular haqida so‘z yuritildi.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi vakillari, mamlakatimiz va xorijiy IT-sohasi mutaxassislari, intellektual tizim va texnologiyalar ixtirochilari, server hamda tarmoq uskunalari va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdi.
Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari butun dunyoda shiddat bilan rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Har qanday vazifani hal etishga qodir yangi texnologiyalar bu jarayonda muhim o‘rin tutmoqda. Mamlakatimizda Birinchi Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq zamonaviy M2M va optik-tolali texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda aksariyat vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari, tibbiyot va ta’lim muassasalari o‘zining elektron hamda avtomatlashtirilgan tizim va ma’lumotlar bazasiga ega. Buning samarasida ijtimoiy-iqtisodiy sohalar faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotgan zamonaviy intellektual tizimlar integratsiyalashtirilmoqda.
Forumda bunday intellektual tizimlarni rivojlantirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sog‘liqni saqlash sohasiga keng joriy qilish masalalari muhokama etildi. Axborot xavfsizligini ta’minlash, firibgarlikning oldini olish, biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish va samaradorligini oshirish, "bulutli" texnologiyalarni rivojlantirish, server xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy intellektual tizimlar, ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha turli tizim va texnik ekspertiza masalasiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir doirasida texnik yechim va ishlanmalar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda mobil qurilmalar axborot xavfsizligini ta’minlaydigan elektron tizimlar, axborotga ishlov berish va undan foydalanish tezligini oshiradigan server texnologiyalari, bank va biznes sohasi uchun intellektual tizimlar namoyish etildi.