O‘zA O`zbek

02.06.2018 10:04 Chop etish versiyasi

Innovatsiya vazirligi kosmos sohasida Fransiyaning yetakchi kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Fransiyaning “Thales International” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Vazirlik matbuot xizmatining xabar berishicha, kompaniya vakillarini Innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov qabul qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishiga ko‘ra, kosmos sohasi rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganib, shu soha orqali mamlakatga investitsiyalar kiritish, innovatsion g‘oyalarni joriy etish vazifasi qo‘yilgan. “Thales International” dunyoning 54 davlatida aviatsiya, kosmos, transport, mudofaa va xavfsizlik sohalariga axborot texnologiyalarini tadbiq qilish bilan shug‘ullanadi.

100 yillik tarixga ega “Thales International”ning vitse-prezidenti Olivye Asharnign ta’kidlashicha, kompaniyaning asosiy faoliyati ishlab chiqarish emas, balki ilmiy-tadqiqot faoliyati sanaladi. “O‘zbekistonda salohiyatli yoshlar o‘sib kelmoqda”, – deydi Olivye Ashar. - Ularning yuqori texnologiyali sohalarni egallashlariga sharoit yaratish kerak, O‘zbekistonning o‘z sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarish bilan bog‘liq ishlari bunga imkoniyat yaratadi.

O‘z navbatida Innovatsiya vaziri I. Abdurahmonov sun’iy yo‘ldosh va sun’iy yo‘ldosh uskunalarini ishlab chiqarish masalasini bosqichma-bosqich amalga oshirish lozimligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, bu maqsadda shu sohadagi barcha resurslarni kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish uchun safarbar qilish va sohada faoliyat yuritadigan yosh kadrlarni shakllantirish darkor.

“Thales International” kompaniyasi qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston va Turkmanistonni sun’iy yo‘ldoshlar bilan ta’minlagan bo‘lib, uchrashuv davomida ushbu davlatlarning sun’iy yo‘ldoshlari va uskunalaridan foydalanish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, yuqori texnologiyalar va qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalar olib kirish maqsadida O‘zbekistonlik tadqiqotchi va mutaxassislarni “Thales International” kompaniyasi bazalariga tajriba orttirish uchun yuborish masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlar bunday o‘quv-amaliy loyihalar kelgusi hamkorlikning boshlanishiga turtki bo‘lishiga hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.

7 578