O‘zA O`zbek

26.09.2019 Chop etish versiyasi

“ICTExpo – 2019“ ilg‘or texnologiyalar dunyosini ochmoqda

“ICTExpo – 2019“ ilg‘or texnologiyalar dunyosini ochmoqda

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz“ milliy ko‘rgazmalar majmuida an’anaviy “ICTExpo – 2019“ axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi ochildi. Unda mamlakatimizda qo‘llanilayotgan yoki joriy etish uchun sinovdan o‘tkazilayotgan eng zamonaviy tizim va texnologiyalar namoyish etilmoqda.

Mahalliy va chet el kompaniyalari yangi texnologiyalar, shu jumladan, dasturiy ta’minot, kompyuter texnikasi va o‘yinlari, uyali aloqa va ma’lumot yuborish xizmatlarini namoyish etmoqda. Ko‘rgazma ekspozitsiyasi yagona davlat ma’lumot bazalarini yaratish va aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha samarali yechimlarni targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Eng katta stend “O‘zbektelekom“ aksiyadorlik kompaniyasiga ajratilgan. Bu yil ushbu kompaniya bir yo‘la ikkita yangi telekommunikatsiya texnologiyalarini havola etdi.

– Simli internet imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida kompaniya stendida sekundiga 10 gigabit tezlikda ma’lumot yuborish uchun optik tolali tarmoqqa ulangan kompyuter o‘rnatilgan edi. Aksariyat korxona va tashkilotlarda bunday tezlikka ehtiyoj hali yo‘q, serverlarning ko‘pchiligi esa bu tezlikni ko‘tara olmaydi. Ammo bugun undan bulutli hisoblash va katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi yirik xalqaro tashkilotlar foydalanmoqda.

Shuningdek, “O‘zekspomarkaz“ milliy ko‘rgazmalar majmuida “O‘zbektelekom“ AK tomonidan O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazilayotgan beshta 5G-antennalaridan biri o‘rnatildi.

– 5G asosiy stansiyalarining ilk namunalarini olishimiz bilan ularni sinovdan o‘tkazishni boshladik, – deydi “Uzmobile” O‘zbekiston uyali aloqa milliy operatorining rivojlanish xizmati boshlig‘i Erkin Haydarov. – Toshkentda internetga ulanish tezligini sekundiga 1,9 gigabitgacha ta’minlaydigan bitta asosiy stansiya ishlab turibdi. Mutaxassislarimiz uning ishini har kuni nazorat qiladi. Zarur ma’lumotlarni olib, birinchi 5G tijorat tarmog‘ini yoyish uchun texnik talablarni ishlab chiqamiz.

Ko‘rgazmada alohida bo‘lim mamlakatimizning yuqori malakali IT mutaxassislarni tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlariga bag‘ishlandi.

Eng qiziqarli ishlanma va loyihalar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) stendida namoyish etilgan. Talabalar katta ishtiyoq bilan tashrif buyurganlarni o‘zlarining eng so‘nggi ixtirolari bilan tanishtirmoqda. Ular sirasiga ko‘zi ojizlar uchun o‘zbek tilida ishlaydigan ovozli yordamchi xizmatiga ega telefon ham kiradi. Uning aksariyat uskunalarini talabalar mustaqil ravishda TATU laboratoriyalarida mavjud 3-D printer yordamida yaratgan.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar e’tiborini TATU multimedia kafedrasi ikkinchi bosqich talabasi Islom Sharipov tomonidan ishlangan “Magic quest” yangi kompyuter o‘yinining demoversiyasi tortdi. Hozirda u yaratilgan o‘yinni yakuniga yetkazish uchun jamoa to‘plamoqda.

Ko‘rgazmada nafaqat mobil operator va internet-provayderlar, balki O‘zbekistonning jamoat joylari va turistik hududlarida bepul Wi-Fi tarqatuvchi kompaniyalar ham ishtirok etdi.

– O‘zbekistonda biz TasNet.uz xizmatini taqdim etamiz, – dedi “Innovo.Tech” kompaniyasi vakili Danil Krikunov. – O‘tgan yilning sentabr oyida Toshkent shahar hokimiyati ko‘magida Sayilgoh ko‘chasida birinchi bepul Wi-Fi tarqatishni boshladik. Hozirgi kunga kelib Toshkentdagi jamoat joylarida bir qancha yirik Wi-Fi hududlari yaratildi. Bundan tashqari, biz poytaxtingizdagi barcha yirik restoran va kafelarga ham xizmat ko‘rsatamiz.

“ICTExpo – 2019“ ko‘rgazmasi 27 sentabrgacha davom etadi.

2 344
Roman BONDARChUK, O‘zA