O‘zA O`zbek

05.03.2020 Chop etish versiyasi

Energetika sohasi ilgʻor xorijiy tajriba asosida rivojlantiriladi

Energetika sohasi ilgʻor xorijiy tajriba asosida rivojlantiriladi

Toshkentda 5-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Saudiya Arabistonining yirik investori – “ACWA Power” kompaniyasi oʻrtasida umumiy qiymati 2 milliard dollarga teng uchta bitim imzolandi. Mazkur kelishuvlar mamlakatimiz energetika sohasi rivojiga, jumladan, energiya xavfsizligi masalalarini yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.

Infratuzilmani rivojlantirish iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlaydigan muhim omildir. Oʻzbekiston ham energetika sohasida oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishish uchun ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganishga, bu borada jahonda oʻz oʻrniga ega tuzilmalar bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Boshqacha aytganda, sinovdan oʻtgan xorijiy tajribadan andoza olib, rivojlanish koʻzda tutilgan.

– Xalqaro sherik sifatida “ACWA Power”ni tanlashimiz bejiz emas, chunki bu kompaniya samarali faoliyat koʻrsatkichlariga ega, – dedi energetika vaziri Alisher Sultonov. – Saudiya Arabistoni energetiklari bilan hamkorligimiz Oʻzbekistonda davom etayotgan ijobiy oʻzgarishlar jarayonida muhim oʻrin egallaydigan xususiy sektorning faol ishtirokini moliyalashtirish imkonini beradi.

Dastlabki bitimga muvofiq, tomonlar 25 yillik elektr energiyasi xaridi toʻgʻrisidagi kelishuvga erishdi. Shuningdek, 1500 MVt quvvatga ega bugʻ-gaz turbinali elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiqish, qurish va ishga tushirish uchun jami 1,2 milliard dollarlik investitsiya shartnomasi ham imzolandi.

Yangi bugʻ-gaz qurilmasini Sirdaryo viloyati Shirin shahrida qurish rejalashtirilgan. Kelishuvga muvofiq, ushbu investitsiyaviy loyihada “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati yagona xaridor sifatida ishtirok etadi. Samaradorlik koʻrsatkichi 60 foizdan ortadigan mazkur stansiya ishga tushirilgach, elektr energiya ishlab chiqarishga sarflanadigan tabiiy gaz odatdagiga qaraganda qariyb ikki baravar koʻproq tejaladi.

Navbatdagi kelishuv orqali 500-1000 MVt energiya quvvatiga ega shamol elektr stansiyasi qurilishi amalga oshiriladi. Qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish boʻyicha imzolangan ushbu shartnomaga asosan “ACWA Power” kompaniyasi Oʻzbekistonda 500-1000 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini quradi.

Soʻnggi hujjat mutaxassislarning texnik koʻnikmalarini oshirishga yoʻnaltirilgan oʻquv markazini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumidir. Mazkur bitimga koʻra, “ACWA Power” kompaniyasi “Air Products & Chemicals” bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda kommunal va kimyo texnologiyasi sohalari mutaxassislari texnik koʻnikmasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini taqdim etadi.

– Mavjud tajribadan foydalangan holda Oʻzbekistonda energetika sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshish niyatidamiz, – dedi “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan. – Sababi, rivojlanib borayotgan hamkorligimiz har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladi. Shuningdek, biz Oʻzbekiston Prezidenti va Saudiya Arabistoni Qiroli hamda Valiahdi tomonidan xalqlarimizni yana-da yaqinlashtirish maqsadida ilgari surilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash imkoni yaratilganidan mamnunmiz. Hamkorligimiz rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, tarixi va kelajagi buyuk xalqingiz uchun barqaror kelajak yaratishga yordam beradi, degan umiddamiz.

Energetika sohasida Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar Oʻzbekiston taraqqiyotida tarixiy bosqich hisoblanadi. Zero, bu saʼy-harakatlar muqobil energiya manbalari orqali energiya xavfsizligini mustahkamlash yoʻlidagi amaliyotni qoʻllab-quvvatlaydi. “ACWA Power”ning aqlli, energiya tejaydigan texnologiyalari mamlakatimiz energetika sohasiga 2000 MVt dan ziyod qoʻshimcha quvvat taqdim etadi va mamlakatimizda barqaror, xavfsiz hamda arzon energiya ekotizimini yaratish imkonini beradi.

Qolaversa, xorijiy sheriklar bilan erishilayotgan yangidan-yangi kelishuvlar Oʻzbekistonning global energiya bozoridagi roli tobora ortib, mamlakatimizning energiya xavfsizligi va eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotganidan, shuningdek, Oʻzbekiston chet el investorlari uchun jozibador maskanga aylanayotganidan darak beradi.


27 138
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA