O‘zA O`zbek

20.04.2019 Chop etish versiyasi

Endi Spark, Nexia, Lasetti va Cobolt rusumli avtomobillar uchun disklar oʻzimizda tayyorlanmoqda

Endi Spark, Nexia, Lasetti va Cobolt rusumli avtomobillar uchun disklar oʻzimizda tayyorlanmoqda

Andijon viloyatida Janubiy Koreya kompaniyalari hamkorligida 34 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning aksariyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun koʻplab butlovchi va ehtiyot qismlari ana shu korxonalar tomonidan tayyorlanmoqda.

Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “OʻzAuto-Austem” Oʻzbekiston – Janubiy Koreya qoʻshma korxonasida avtomobillar uchun disklar va shossi qismlari ishlab chiqariladi.

Janubiy Koreyaning “Austem Ko LTD» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu korxona yiliga 1,5 million donaga yaqin disklar hamda avtomobil shossi qismlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Avtomobillarning ushbu qismlari avval mamlakatimizga xorijdan keltirilar edi. Endilikda Spark, Nexia, Lasetti va Cobolt rusumli avtomobillar uchun 14 turdagi disk va shassi qismlar ushbu korxonada tayyorlanmoqda.

– 2018 yilda korxonamizda 610 ming dona disk, 330 ming dona shassi qismlar, jami 940 ming dona sifatli mahsulotlar tayyorlandi, – deydi qoʻshma korxona bosh direktori Bahodirjon Samatov. – Bundan tashqari, oʻtgan yili 190 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarimizni Rossiya, Qirgʻiziston va Ukraina davlatlariga eksport qildik.

Mahsulotlar bosqichma-bosqich bajariladigan jarayonlar orqali tayyorlanadi. Korxonaning presslash, yigʻish, payvandlash va boʻyoq liniyalari xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, ish unumdorligi yuqori boʻlgan zamonaviy dastgoh va texnologiyalari bilan jihozlangan. Mahsulotlar sifati Xalqaro ISO 9001:2015 va IATF 169496:2016 standartlari talablari doirasida sifat menejmenti tizimi asosida kirish, oraliq va yakuniy tartibda nazorat qilinadi. Shuningdek, mahsulot qismlari har bir jarayondan soʻng laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazib boriladi.

Joriy 2019 yilda ishlab chiqarish hajmini oshirish, jumladan, eksport hajmini 300 ming AQSH dollariga yetkazish koʻzda tutilgan.

Ayni kunda korxonada 350 nafardan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Korxonada, “ustoz-shogird” anʼanasi asosida malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Muhandis, texnolog va ishchilarning samarali faoliyat yuritishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, mutaxassislar, ishchi-xizmatchilar maxsus ish kiyimlari bilan taʼminlangan, bepul tushlik, barcha qulayliklarga ega dam olish hamda tibbiyot xonalari tashkil etilgan.

Umuman korxona faoliyatining samarali boʻlishida mehnatni tashkil etishda ilgʻor ish uslublarini qoʻllash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ishchi-xizmatchilarni munosib ragʻbatlantirish muhim omil boʻlmoqda.

1 990
F.Ubaydullayev, Z.Umurzoqov (surat), OʻzA