O‘zA O`zbek

25.09.2019 Chop etish versiyasi

Endi metroda ham mobil telefonlar ishlaydi

Endi metroda ham mobil telefonlar ishlaydi

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtga sifatli aloqa vositalari kerakligi bugungi asrimizning asl haqiqatidir. Shu sababdan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – mamlakatimizda axborot−kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish, jumladan, aholini yuqori sifatli va tezkor internet bilan ta’minlashdir.

Davlatimiz rahbarining shu yil 22 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu sababli eng ilg‘or hisoblangan 5G texnologiyasini tatbiq etishni tezlashtirish muhim va kerakliligi haqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning aprel oyida Pekinda Huawei kompaniyasining Tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga tashrifi davomida aytib o‘tgan edi.

O‘zbekistonda 5G ni tatbiq etish bo‘yicha Prezident topshirig‘ini bajarish uchun “Coscom” mobil aloqaning beshinchi avlodi – 5Gni sinash jarayonini boshladi. Jumladan, “ICT EXPO 2019” ko‘rgazmasi doirasida jurnalistlar, blogerlar hamda ko‘rgazma ishtirokchilari uchun sinov rejimidagi 5G qurilmasining namoyishi o‘tkazildi. Jurnalistlar 5G texnologiyasining afzalliklarini sinash hamda chet ellik va mahalliy ekspertlarning ushbu innovatsiya haqidagi chiqishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mutasaddilarning aytishicha, Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashi ajratgan polosalar loyihaning birinchi bosqichida Toshkentda bir yil muddatga sinov tariqasida foydalanish uchun qo‘llaniladi. Ikkinchi bosqichda esa sinov natijalarini inobatga olgan holda, viloyatlarda foydalanish uchun radiochastota polosalari ajratiladi.
Aytib o‘tish joizki, 5G texnologiyasi sayyoramizning sanoqli mamlakatlari – AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Shveysariya kabi davlatlarda tatbiq qilinmoqda. Bugungi “start”dan so‘ng ushbu rivojlangan mamlakatlar qatoriga O‘zbekiston ham kirmoqda. 

Ko‘rgazmaning birinchi kunida “Ucell”ning muhim tashabbusiga start berildi. Bu – poytaxt metrosida 3G va 4G texnologiyali mobil aloqadan foydalanish imkoniyatiga doir loyihadir. Endi Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi “Amir Temur xiyoboni” va “Mustaqillik maydoni” bekatlarida Metrotelecom bilan hamkorlikda Ucell mobil tarmog‘i ishga tushadi. Nihoyat, Toshkent shahrining faxri bo‘lmish yer osti transportida mobil aloqa va internetdan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, kompaniya stendida turli mamlakatlardagi yetakchi kompaniyalar spikerlarining har xil mavzudagi chiqishlari uchun ham imkoniyat yaratilgan. Mutaxassislar 5G texnologiyalarini tijoratlashtirish, kompyuter ko‘rish tizimi, IT-startaplarning o‘ziga xos jihatlari va axborot texnologiyalari sohasida karera qilish kabi masalalarda atroflicha ma’lumot berishdi.

1 100
Sayyora ShOEVA, O‘zA