O‘zA O`zbek

22.05.2019 Chop etish versiyasi

Endi logoped vazifasini mobil ilova bajaradi

Endi logoped vazifasini mobil ilova bajaradi

Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yoshidagi bolalar uchun to‘g‘ri og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi mobil ilova muvaffaqiyatli sinovdan o‘tib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Belaruslik o‘qituvchi-defektolog Antonina Sudilovskaya g‘oyasi asosida ishlab chiqilgan mobil ilova nutqiy talaffuzida nuqsoni bor bo‘lgan bolalar bilan mashg‘ulot o‘tishda logoped amalga oshiradigan vazifalarni bajarish imkoniyatiga ega.

Ilova dasturidan foydalanish tartibiga ko‘ra, mashg‘ulot o‘tayotgan bola ketma-ketlikda ekranda paydo bo‘lgan narsa nomini mushukcha tasviridagi “o‘qituvchi” ortidan takrorlaydi.

Dasturga o‘rnatilgan neyron tarmoq orqali bolaning mashg‘ulotlari avtomatik tarzda baholanadi. Muvaffaqiyatli natijalar bonuslar bilan rag‘batlantiriladi.

“Hozirda texnologiya bozorida artikulyatsiya mashqlariga oid ilovalar, dasturlar juda ko‘p. Lekin ular bola bajargan vazifalarni baholash tizimi bilan boyitilmagan. Bunday dasturlar asosida bolaga mashg‘ulotlar o‘tish uchun o‘qituvchi yoki ota-ona bola bilan shug‘ullanishi kerak. Ta’limiy dasturga baholash tizimini joriy etilishi esa ota-onalar uchun ancha qulayliklar yaratadi”, deydi Antonina Sudilovskaya.

Foydalanish uchun taqdim etilgan ilova 3D- formatdagi 20 ga yaqin animatsion qahramonlar bilan boyitilgan bir necha xil dasturlardan iborat.

8 885
Z.Mirzaboeva, O‘zA