O‘zA O`zbek

07.01.2019 19:32 Chop etish versiyasi

Elektrotexnika korxonalarida yangi loyihalar amalga oshiriladi

Elektrotexnika korxonalarida yangi loyihalar amalga oshiriladi Oʻtgan yili elektrotexnika sanoatiga kiritilgan investitsiyalarning salmogʻi respublika boʻyicha umumiy investitsiyalarning atigi 0,8 foizini, yalpi ichki mahsulot (YAIM) tarkibida elektrotexnika mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,5 foizni tashkil etdi. Sanoatda xomashyo bazasining chegaralanganligi xorij analoglari bilan solishtirganda uning tannarxi oshishiga sabab boʻlmoqda.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayoni uchun xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlarning import qilganda qoʻshilgan qiymat soligʻi muddatini kechiktirishga imkon yaratish va hisobga olish mexanizmining mavjud emasligi eksport qiluvchi tashkilotlarning aylanma mablagʻlari boshqa maqsadlarga jalb qilinishiga va xarajatlarning oshishiga olib kelmoqda.

Toʻplanib qolgan bu kabi muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari Prezidentimizning joriy yil 4 yanvardagi “Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berildi.

Poytaxtimizda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan mazkur qaror mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.

Unda oʻtgan davr mobaynida elektrotexnika sanoati tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha koʻplab ishlar bajarilgani, bu esa ishlab chiqarishning yangi turlarini oʻzlashtirgan holda mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini yaratgani taʼkidlandi.

Mazkur qarorda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi negizida tashkil qilingan Oʻzbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari uyushmasining aniq maqsad-vazifalari va unga aʼzo korxonalarga qator imtiyozlar belgilab berilgan. Jumladan, uyushma tarkibiga kiradigan elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga 2022 yilning 1 yanvariga qadar oʻzining asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar, shuningdek, ular tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida olib kelinadigan qurilish materiallari importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni 120 kunga kechiktirish kabi imkoniyatlar berildi.

Brifingda taʼkidlanishicha, amaldagi elektrotexnika korxonalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash va yangilarini tashkil etish boʻyicha 153,8 million AQSH dollari miqdoridagi 22 ta investitsiya loyihasi 2019-2021 yillar davomida amalga oshiriladi. Keyingi ikki yilda yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlari 2 baravarga oshiriladi. Tayyor elektrotexnika va elektr-maishiy mahsulotlarning eksport hajmini 400 million AQSH dollari miqdoriga oshirish koʻzda tutilgan.



Davron Sunnatov, OʻzA
15 694