O‘zA O`zbek

28.03.2018 12:16 Chop etish versiyasi

Buxoroning “Lochin” brendli yuk mototsikllari

Buxoroning “Lochin” brendli yuk mototsikllari Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi “Vuxara Real Moto” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Lochin” brendi ostida yuk mototsikllari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Loyiha tashabbuskori bino va inshootlarda 2 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlarini amalga oshirib, sexlar xorijiy investor tomonidan 700 ming dollarlik zamonaviy innovatsion texnologik uskunalar bilan jihozlandi. Undagi barcha texnologik jarayonlar avtomatlashtirilgan bo‘lib, komputer asosida boshqariladi. 

13.JPG

Yig‘iladigan shosse, bort, ressor va boshqa qismlar korxona sexlarida tayyorlanmoqda.

Yuk mototsikllariga mamlakatimizda, jumladan, Buxoro viloyatida ham talab katta. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, issiqxonalarda yetishtiriladigan bodiring va pomidorlarni tashishda tirkagichli texnikalarga nisbatan qulayligi, kam yonilg‘i sarf qilishi va boshqa jihatlari bilan ancha ustun. 

9.JPG

Yurtimizda hozirga qadar asosan yuk mototsikllari valyuta hisobiga xorijdan olib kelinardi. Mana endi bunga hojat qolmaydi. Ular o‘rnini bir tonnagacha yuk ko‘tarishga mo‘ljallangan “Lochin”larimiz egallaydi. Bu mototsikllar chetdan xarid qilinadiganlardan arzon. Xorijiy valyuta ham cho‘ntakda qoladi. Demak, fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun juda qulay, ya’ni hamyonbop. Ayni paytda yuk mototsikllari yurtimiz bozorlariga chiqarilmoqda.

Buxoro “Lochin”lari xorij bozorida raqobatbardosh chiqib qoldi. Bunga korxonaning tantanali ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi ishbilarmonlari vakillari ham ishtirok etgani yaqqol dalil. 

5.JPG

Korxona rahbariyati loyihani amalga oshirish davom etayotgan bir paytda tashqi bozordagi talabni o‘rganish, ya’ni marketing ishlarini ham boshlab yuborgan edi. Korxona mahsulotiga qiziqish bildirgan Rossiyadagi tadbirkorlik subyekti vakillari hali o‘tgan yilning oxirida viloyatning olis chekka hududlaridan biri Qorovulbozor tumaniga kelib, 1000 ta yuk mototsikli xaridi bo‘yicha shartnoma tuzdi. Hademay, umumiy qiymati 1,4 million dollarga yaqin eksport buyurtmalarini bajarishga kirishiladi. Shuningdek, korxona tashqi bozor bilan aloqalarni yangi sheriklar hisobiga yanada kengaytirish niyatida. Yaqin kunlarda Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan “Made in Uzbekictan” ko‘rgazmasi ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.

– Biz ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish hisobiga kengaytirish choralarini ko‘rmoqdamiz, – deydi “Buxara Real Moto” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sa’dijon Vahobov. – Bundan tashqari, mahsulot assortimenti ro‘yxatidan yaqin istiqbolda yopiq kabinali yuk mototsikllari, boshqa motoulovlar, tomorqa yerlarini o‘rtacha chuqurlikda ag‘daradigan haydagichlar, nogironlik aravachalari ham o‘rin oladi. Ayni paytda korxonamizda 50 dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. Yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga ular soni 200 ga yetkaziladi.

Erkin Yodgorov,Tohir Istatov (surat) O‘zA
24 602