Buxoroda xalqaro paketli kommutatsiya markazi yangi bog‘lamasi ishga tushirildi
Buxoroda Xalqaro paketli kommutatsiya markazi bog‘lamalarini o‘zaro bog‘lash va O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun uzatish tezligi sekundiga 100 gigabit bo‘lgan DWDM – raqamli keng polasali uzatish tizimining yangi liniyasi ishga tushirildi.
Buxoroda Xalqaro paketli kommutatsiya markazi bog‘lamalarini o‘zaro bog‘lash va O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun uzatish tezligi sekundiga 100 gigabit bo‘lgan DWDM – raqamli keng polasali uzatish tizimining yangi liniyasi ishga tushirildi.Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Zamonaviy axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan davlat organlari, korporativ mijozlar hamda aholiga xalqaro internetga tezkor ulanishni taqdim etish uchun yangi bog‘lama va ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.
– Yangi bog‘lama davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “Xalqaro paketli kommutatsiya markazini kengaytirish” loyihasi doirasida ish boshladi, – deydi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining xalqaro hamkorlik va operatorlar bilan ishlash departamenti direktori Habibulla Soliboyev. – Obyekt aksiyadorlik kompaniyamiz va Yaponiyaning NEC korporatsiyasi hamda Toyota Tsusho cavdo uyi bilan hamkorlikda bunyod etildi.
Buxoro shahrini poytaxtimiz bilan bog‘laydigan yangi liniya an’anaviy raqamli keng polosali uzatish tizimidan har jihatdan afzaldir. Xususan, mustaqil qabul qilish va uzatishda eng zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilgani, uzatish tezligi hamda sifati bilan ajralib turadi.
– Bugungi hayotimizni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, – deydi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Buxoro viloyati filialining xizmatlarni sotish, marketing va tariflar bo‘limi boshlig‘i Marhabo Ne’matova. – Viloyatimizda internetdan foydalanuvchilar tobora ko‘paymoqda. Joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan abonentlar soni 45,1 foizga oshgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Xalqaro paketli kommutatsiya markazi yangi liniyasi foydalanishga topshirilishi foydalanuvchilarga katta qulaylik yaratadi. Ulanish tezligining oshishi bilan uning tarifi ham kamayadi.
Tadbirda “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining mamlakatimiz turli hududlari, shuningdek, jamoat uchun mo‘ljallangan hamda faol sayyohlik obyektlarida simsiz radio ulanish tarmog‘i liniyasi loyihasi haqida ham so‘z yuritildi. Bunday loyihalarni mamlakatimizning barcha hududlari, jumladan, Buxoro shahrida ham amalga oshirish ko‘zda tutilgan.