O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

17.05.2018 20:10 Chop etish versiyasi

Butun dunyoda dasturchilar kuni nishonlanmoqda

Bugun jahonda Butun dunyo elektr aloqasi va axborot jamiyati kuni (World Telekommunication and Information Society Day) keng nishonlanmoqda. Joriy yilda ushbu bayram “Sun’iy intellektdan foydalanishda barcha uchun ijobiy natijalarni ta’minlash” mavzusida o‘tkazilmoqda.

Ushbu kun - barcha dasturchilar, tizim boshqaruvchilari, internet-provayderlar, veb-dizaynerlar, internet nashrlari muharrirlari hamda axborot texnologiyalari sohasida xizmat qiluvchi barcha xodimlarning kasbiy bayrami hisoblanadi. 2006-yilning 26-mart kuni BMTning Bosh Assambleyasi 17-mayni Butun dunyo elektr aloqasi va axborot jamiyati kuni deb e’lon qilishga doir Rezolyutsiyani qabul qildi.

Ta’kidlash joizki, bu bayram Xalqaro elektr aloqasi uyushmasining Ma’muriy kengashi sessiyasi qaroriga ko‘ra 1969-yilda ta’sis etilgan edi. Lekin ushbu kun 2006-yilga qadar Xalqaro elektr aloqasi va Butun dunyo telekommunikatsiya kuni (World Telecommunication Day) deb nomlangan edi. Bu o‘sha paytlarda zamonaviy axborot texnologiyalarining bo‘lmagani, axborot jamiyati esa faqat nazariya hisoblangani bilan izohlanadi.

E’tiborli jihati shundaki, ushbu sananing tanlanishi tasodif emas. 1865-yilning 17-may kuni ikki yarim oylik uzoq muzokaralardan so‘ng, Parijda dastlabki xalqaro telegraf kelishuvi imzolangan va Xalqaro telegraf uyushmasiga asos solingan edi. 1932-yilda ushbu uyushmaga Xalqaro elektr aloqasi uyushmasi nomi berilgan.

Mazkur bayram turli yillarda global masalalarni hal etishga oid har xil mavzularda o‘tkazildi. Xususan, global kiberxavfsizlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, nogironlar o‘rtasidagi aloqani ta’minlash, kibermakonda bolalarni himoya qilish, AKT yordamida qishloq joylarida istiqomat qiladigan aholi hayotini yaxshilash, xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb qilish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirishda AKTdan foydalanish, AKT sohasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish mavzularidir.

Joriy yilda Butun dunyo elektr aloqasi va axborot jamiyati kuni “Sun’iy intellektdan foydalanishda barcha uchun ijobiy natijalarni ta’minlash” mavzusida nishonlanmoqda. Unga ko‘ra, asosiy e’tibor BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda sun’iy intellekt salohiyatiga qaratiladi.

Roman Bondarchuk, O‘zA