Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 12:23 Chop etish versiyasi

Bugundan “Lex.uz” elektron rasmiy manba maqomiga ega bo‘ldi

2017-yil 25-sentabrdan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz) normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomiga ega bo‘ldi.

Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Normativ-huquqiy hujjatlarning elektron rasmiy manbasi fuqarolar uchun katta qulaylikdir. Zero, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan hozirgi zamon shuni taqozo qiladi. Avval fuqarolarni huquqiy xabardor qilish asosan an’anaviy ommaviy axborot vositalari orqali qog‘oz ko‘rinishida amalga oshirilgani huquqiy axborotning o‘z vaqtida tarqatilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Undan keng va erkin foydalanishda ham muammolar mavjud edi.

– Lex.uzda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar joylashtirilayotganligi, eng asosiysi, bazaning rasmiy manbalar qatoriga kiritilgani aholiga huquqiy axborot yetkazib berish borasidagi ishlarni yanada jonlantiradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bobur Karimov. – Hozirda o‘zbek va rus tillaridagi 42 mingdan ortiq hujjat jamlangan ushbu bazadan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 60 mingga yaqinlashdi. Bir kunda ushbu bazadan 13 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxs bepul foydalanmoqda.

Bu bazadan nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki AQSh, Rossiya, Germaniya, Ispaniya, Xitoy, Norvegiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlarning fuqarolari ham foydalanmoqda. Ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va milliy qonunchiligimizdagi yangiliklar bilan tezkor tanishish imkoniyatiga ega bo‘layotir.

Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning, ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mohiyati va ahamiyatini ijrochilarga va aholiga o‘z vaqtida yetkazish maqsadida hujjat qabul qilingan kuniyoq bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinmoqda.

Vazirlikning Facebook.com ijtimoiy tarmog‘ida o‘z sahifasi ochilgan bo‘lib, rasmiy veb-sayt bilan birgalikda doimiy ravishda yangilanib, dolzarb ma’lumotlar qo‘yilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz) veb-sahifasining ham ushbu ijtimoiy tarmoqda sahifasi ochildi.

Hozirda aholi o‘rtasida keng tarqalgan “Telegram” messendjerida ham Lex.uz sahifasi joylashtirildi. Unda yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni avtomat ravishda yetkazish bo‘yicha maxsus kanal ishga tushirildi. Ushbu kanalga “Telegram” messendjeridan t.me/lexuzofficial manzili orqali kirish mumkin.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Adliya bilan muloqot” guruhi ham tashkil etildi. Bu guruhda normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha tushuntirish, ushbu masalalar bo‘yicha savollarga Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan javob berilmoqda.

Shu bilan birga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish bo‘yicha mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va aholining fikrlari va munosabatini aks ettiruvchi tahliliy tok-shou, munozaralar, bahslar hamda qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini keng muhokama qilishning boshqa zamonaviy shakllarini joriy qilish ustida ish olib borilmoqda.

Qabul qilingan qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha ko‘plab targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotir. O‘tgan davrda targ‘ibot tadbirlarida qariyb 7 million aholi qamrab olingan.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 221






Все о погоде - Pogoda.uz