O‘zA O`zbek

06.08.2019 15:50 Chop etish versiyasi

Belarus – Oʻzbekiston yoshlar IT forumi boshlandi

Belarus – Oʻzbekiston yoshlar IT forumi boshlandi

Belarus poytaxti Minsk shahrida I Belarus – Oʻzbekiston yoshlar IT forumi boʻlib oʻtmoqda. 

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q. Quranboyev boshchiligida yurtimizdan 30 nafar faol yosh ishtirok etayotgan forum dasturi toʻrtta sessiyadan iborat. Unda sohadagi yetakchi mutaxassislar ishtirokida oʻquv mashgʻulotlari, yangi texnologiyalar namoyishi, muloqot va bahslar oʻtkazilmoqda. Xalqaro hamkorlik maydonida “Digital Generation Uzbekistan” loyihasi tashkilotchilari, 25 nafar yoshlar ham qisqa muddatli malaka oshirmoqda. Ular Belarusdagi “Yuqori texnologiyalar parki”da oʻz loyiha va takliflari taqdimotini namoyish etib, IT sohasida biznes yuritish va mehnat bozori kabi muhim yoʻnalishlar boʻyicha zarur koʻnikmalarga ega boʻlmoqda.

Shuningdek, ikki davlat yoshlari uchun Minsk shahrida Belarus-Oʻzbekiston yoshlarining axborot texnologiyalari sohasidagi yozgi oromgoh ham tashkil etilgan. Unda belaruslik yoshlar bilan bir qatorda oʻzbekistonlik yosh veb-dasturchilar, 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika, mobil ilova yaratish sohalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar Belarus Respublikasining IT kompaniyalari faoliyati bilan tanishish va tajriba almashish bilan birga yetakchi dasturchilar tashkil etgan oʻquv dasturida ham qatnashmoqda.

Vakillarimiz Belarus Milliy kutubxonasi, Belarus davlat tarix muzeyi, Minsk shahri va mamlakatning boshqa diqqatga sazovor maskanlari boʻylab sayohat qilib, “Wargaming” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Joriy yilning sentyabr oyida belaruslik 30 nafar yosh dasturchilar Oʻzbekistonga taklif etilib, yurtimiz yoshlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashi koʻzda tutilmoqda.

I Belarus – Oʻzbekiston yoshlar IT forumi 9-avgustga qadar davom etadi.

OʻzA
1 042