O‘zA O`zbek

02.03.2020 Chop etish versiyasi

“Axborotlashgan jamiyat” muhitini yaratish nima beradi?

“Axborotlashgan jamiyat” muhitini yaratish nima beradi?
2020-yil – Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasi xalqimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan juda katta qiziqish bilan qarshi olindi. Davlat rahbari taklifiga koʻra, Oʻzbekistonda 2020-yil – Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb nomlandi.

Mazkur Murojaatnomada oʻtgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil etilib, hayotimizning barcha jabhalarida joriy va kelgusi yillarga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar, amalga oshiriladigan islohotlarning muhim qirralari qamrab olingani, davlatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari bayon etilib, dolzarb qonunchilik tashabbuslari ilgari surilgani alohida ahamiyat kasb etdi.

Yil nomlanishiga kelsak, buning zamirida chuqur maʼno va mazmun mujassamlashtirilgan, deb hisoblaymiz. Chunki, ilm-fan, maʼnaviyat-maʼrifatga tikilgan sarmoya buyuk kelajak uchun kiritilgan investitsiyadir. Ilm-maʼrifat rivojlanmagan davlat hech qachon toʻlaqonli davlat boʻla olmasligi bizga uzoq tarix hamda bugungi asrimizdagi yuksak taraqqiy etgan ilgʻor mamlakatlar tajribasidan juda yaxshi ayon.

Raqamli iqtisodiyotga oʻtish kelgusi besh yildagi eng ustuvor maqsadimiz boʻlishi haqidagi taʼkid esa bevosita ilm-maʼrifatni rivojlantirish bilan chambarchas bogʻliqdir. Binobarin, bugungi tezkor zamonda jahon boʻylab globallashuv jarayonlari tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda raqamli iqtisodiyot ilgʻor davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida keng joriy etilmoqda. Hattoki, ayrim mamlakatlar ushbu sohaning eng yuqori choʻqqisi hisoblangan sunʼiy intellektdan faol foydalanishga oʻtganiga guvoh boʻlayapmiz. Nufuzli xalqaro tashkilotlar olib borgan tahlillar natijalariga koʻra, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oʻstirish, shuning barobarida, “xufiyona iqtisodiyot”ga barham berish va korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini berar ekan.

Koʻrinib turibdiki, mazkur soha yurtimizda barcha tarmoqlarning yuksak rivojiga jiddiy turtki boʻladi.

Xalqaro amaliyotga yuzlanadigan boʻlsak, hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot elektron tijorat va xizmatlar sohasi bilan cheklanib qolmay, balki hayotning har bir jabhasiga, xususan, sogʻliqni saqlash, fan-taʼlim, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, arxiv, internet-banking va boshqa sohalarga jadal kirib bormoqda va ularning har birida oʻzining yuqori samaralarini bermoqda.

Fuqarolarning davlat organlari bilan aloqasini elektron platforma orqali aloqaga oʻtkazish, yaʼni davlat oʻz fuqarolari uchun elektron xizmatlar koʻrsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi – bu raqamli iqtisodiyotning asosiy qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu sohani keng rivojlantirish Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bizdagi eng asosiy ogʻriqli muammolardan biri – korrupsiya illatiga barham beradi.

Shu bois ham koʻpgina davlatlar hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot sohasiga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Masalan, 2017-yil 28-iyulda Rossiya Federatsiyasi hukumati Raqamli iqtisodiyot dasturini qabul qildi. Estoniya, Belarus Respublikasi va Ukraina raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirmoqda.

Oʻz navbatida, ayrim davlatlarda aynan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zaruriy infrastrukturani yaratishga harakat qilinmoqda. Jumladan, Avstraliya hukumati fuqarolarga yuqori tezlikdagi raqamli aloqani taqdim etish choralarini koʻrmoqda, yaʼni, Avstraliyadagi milliy keng polosali tarmoq (National Broadband Network) ushbu mamlakat aholisining 93 foizini 1 Gbit/s tezlikdagi internet bilan taʼminlash majburiyatini olgan.

Shunday ekan, Oʻzbekistonda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishda, eng avvalo, puxta va mukammal tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni shakllantirish, qolaversa, innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish boʻyicha davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining uzviy hamkorligini taʼminlash, barcha soha va tarmoqlarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni raqamli texnologiyalar bilan qamrab olish, bu borada zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, intellektual salohiyatli kadrlarni yetishtirish, muxtasar aytganda, mamlakatda “axborotlashgan jamiyat” muhitini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.

Davlat rahbarining mazkur tashabbusiga hamohang tarzda, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi joriy yilda raqamli qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi xalqaro jamgʻarma bilan hamkorlikda tadqiqotlarni amalga oshirish va uning natijalari boʻyicha xalqaro forum tashkil etishni rejalashtirgan.

Mazkur loyiha doirasida qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish va sohaga ilgʻor aqlli texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari tatbiq etiladi. Shuningdek, “Aqlli” qishloq xoʻjaligi sohasidagi xalqaro ilmiy ishlanmalar va yangiliklar, ularni Oʻzbekistonda joriy etish imkoniyatlari, “Aqlli“ qishloq xoʻjaligi sohasidagi jahon ishlab chiqaruvchilarining (Google, Microsoft, IBM, SAP va boshqalar) noyob texnologik yechimlari, ”Aqlli" qishloq xoʻjaligini va qishloq xoʻjaligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish dasturlarini amalga oshirish boʻyicha jahonning ilgʻor tajribasi atroflicha oʻrganiladi.

Shu bilan birga, Markazimizning bu yilgi faoliyatida xalqaro va milliy hamkor tashkilotlarimiz bilan birgalikda aynan Murojaatnomada belgilab berilgan dolzarb va muhim vazifalar hamda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida aks etadigan chora-tadbirlar ijrosiga qaratilgan loyihalar, tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish va ular yuzasidan tegishli taklif-tavsiyalarni ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi”

markazi ijrochi direktori.


11 471
OʻzA