Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.01.2017 16:17 Chop etish versiyasi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari: Vaqt ham, naqd ham tejalmoqda

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish, ulardan foydalanishni kengaytirish yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir.

Mamlakatimizda ishlab chiqilgan dasturiy hujjatlar mazkur sohani takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Namangan viloyatida ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zA muxbiri bir qator soha mutasaddi va mutaxassislari bilan shu haqda suhbatlashdi.

Yusufjon Eshonov, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i:

– Viloyatimizda ham telekommunikatsiya tarmog‘ini takomillashtirish va modernizatsiya qilish, aholi punktlarida simsiz aloqa va internet xizmatlari qamrovini kengaytirish, elektron hukumatni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2016-yilda mobil aloqa qamrovini kengaytirish maqsadida “O‘zmobayl” milliy mobil aloqa operatori, “Coscom”, “Unitel” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan 80 ga yaqin tayanch stansiyasi o‘rnatildi. Yuqori tezlikdagi internet, IP telefon va televideniye xizmatlaridan foydalanish uchun keng polosali tarmoqlarni kengaytirish maqsadida NGN texnologiyasi asosida 4 ming 480 port o‘rnatildi. Raqamli televideniye qamrovini kengaytirish uchun Namangan shahri, Pop tumanining Chodak qishlog‘i va Chust tumaniga 5 ta raqamli televideniye signallarini tarqatuvchi teleuzatkich qurilmasi o‘rnatildi. Bu viloyatda raqamli televideniye signallarining qamrov darajasini 58,3 foizdan 92,4 foizga oshirish imkonini berdi. Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida mavjud aloqa liniyalarini modernizatsiya qilish va kengaytirish uchun 185 kilometr optik tolali aloqa liniyalari barpo etildi.

Viloyatda 2015-yilda keng polosali portlar soni 22 ming 912 tani tashkil qilgan bo‘lsa, keng polosali telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida 2016-yilda ular 30 mingdan ortdi.

Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi o‘rtasida axborot almashinuvini yanada kengaytirish va mavjud tarmoqni zaxiralash maqsadida Angren – Pop yo‘nalishida Namangan viloyati hududida 45 kilometr magistral optik tolali aloqa liniyasi barpo etildi. Toshkent – Namangan o‘rtasidagi magistral kanalning o‘tkazuvchanligi 10 Gbit/s dan 40 Gbit/s ga yetkazilgani xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirdi. “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish maqsadida o‘tgan yili GSM standartida ishlovchi 32 tayanch stansiyasi o‘rnatilib, ishga tushirildi. Bu simsiz aloqa tarmog‘i va qishloq joylarda internet xizmatlari ko‘rsatish imkonini kengaytirdi.

Hozir viloyatda 6 internet provayder va 30 ga yaqin internet-kafe aholiga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Viloyat o‘lkashunoslik muzeyi, axborot-resurs markazlari, barcha oliy, o‘rta maxsus va umumta’lim muassasalari ZiyoNet tarmog‘iga ulangani fan va ta’lim samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.

Baxtiyor Oxunboboyev, Namangan viloyati hokimligi komputerlashtirish markazi davlat unitar korxonasi rahbari: 

– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda tezkorlik, tejamkorlik va aniqlik nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishda yanada qulaylik yaratish maqsadida shahar va tumanlarda “Yagona darcha” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirga qadar tadbirkorlik subyektlarida “E-ijro” elektron hamkorlik tizimi orqali 16 davlat xizmatlari bo‘yicha 4 mingdan ziyod murojaat ko‘rib chiqildi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, tadbirkorlar va aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishda yanada qulaylik yaratish maqsadida viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti orqali 27 turdagi, jumladan, fuqarolar uchun 13 hamda yuridik shaxslar va tadbirkorlik subyektlari uchun 14 interaktiv davlat xizmati ikki tomonlama ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu interaktiv davlat xizmatlaridan o‘tgan yili 800 dan ortiq foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatildi.

Jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, viloyat hokimligining rasmiy portali doirasida “Ochik ma’lumotlar” veb-sayti tashkil etilib, 50 dan ziyod ochiq ma’lumotlar joylashtirildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelgan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha viloyat, shahar va tuman hokimliklarida alohida shaxsiy kabinetlar tashkil etildi.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha manzilli dasturga asosan o‘tgan yili viloyat miqyosida umumiy qiymati 2 milliard 500 million so‘mdan ortiq 45 loyiha amalga oshirildi. Xususan, viloyat, tuman va shahar darajasida davlat organlari o‘rtasida idoralararo elektron hamkorlik tizimi joriy etildi. Viloyat kardiologiya markazi hamda “Anamed” nodavlat tibbiyot muassasasining faoliyatini avtomatlashtirish maqsadida “MedData” axborot tizimi joriy etildi. Namangan shahridagi “Umid” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 13 shirkatda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatini boshqaruvchi maxsus dasturiy ta’minot ishga tushirildi. 100 dan ortiq davlat organlarida “Kadrlar” axborot tizimi, bo‘sh turgan binolar va nochor korxonalar hisobini yuritish ma’lumotlar bazasi, yengil sanoat va to‘qimachilik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni internet tarmog‘i orqali sotish va yetkazib berish tizimi joriy etilgani bu boradagi ishlar tezkorligini ta’minlamoqda. 

Bahodir Hamidov, Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati bosh mutaxassisi:

– Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish “Elektron hukumat” tamoyili asosida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirib borish imkonini bermoqda. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmat turlari soliq to‘lovchilarga bir qator qulaylik yaratmoqda. Zamonaviy xizmat turlarining kengaytirilishi moliyaviy va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish, hisobotlarni taqdim etishning qulay va samarali usullarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining “Elektron soliq xizmatlari” – my.soliq.uz yangi soliq portalida 31 turdagi elektron davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Portal yordamida nafaqat kerakli axborotga ega bo‘lish, balki soliq va moliyaviy hisobotlar, soliq qonunchiligiga oid murojaatlarni jo‘natish, soliqlarni hisoblash, mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash, byudjetdan soliq qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish ishlarini tezkorlik bilan bajarish mumkin.

Bugungi kunda axborot texnologiyalaridan keng ko‘lamda foydalanish ish unumining oshishi va xarajatlar kamayishiga, eng muhimi, soliq to‘lovchilarning vaqti tejalishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan soliq hisobotlari to‘liq elektron ko‘rinishda topshirilishi natijasida qog‘oz sarfi keskin kamaymoqda. Masalan, har bir hisobot uchun taxminan 20 gramm qog‘oz sarf etiladigan bo‘lsa, viloyatdagi 18 mingdan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan hisobotlar elektron ko‘rinishda topshirilishi hisobidan o‘tgan yili 6 tonnadan ortiq qog‘oz yoki 80 million so‘mdan ziyod mablag‘ tejab qolingani fikrimiz tasdig‘idir.

Akramjon Sattorov, O‘zA
4 129






Все о погоде - Pogoda.uz