Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.10.2017 12:30 Chop etish versiyasi

Avtobus va tramvay bekatlarida “Mobil kutubxona” tashkil etildi

Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi tomonidan Samarqand shahridagi avtobus va tramvay bekatlarida “Mobil kutubxona” tashkil etildi.

Yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yorqin ifodasi sifatida joriy etilgan virtual kutubxonadan yo‘lovchilar o‘z smartfoni orqali kitoblarning elektron nusxasini QR-kod orqali bepul yuklab olishi mumkin.

– Ayni paytda shahardagi bekatlarga milliy va jahon adabiyotining 200 dan ortiq nodir kitobi muqovasi surati va QR-kodi joylashtirilgan, – deydi markazning birinchi toifali kutubxonachisi U.To‘lqinov. – Yo‘lovchilar ushbu kodni skanerlab, elektron kitobni, shuningdek, uning audioyozuvli variantini telefoni xotirasiga bepul yuklab oladi. Mobil kutubxonalarimizni bosqichma-bosqich ko‘paytirish va kitob fondini boyitishni rejalashtirganmiz.

– Bugungi kunda internet orqali ko‘plab kitoblarni telefonga yuklab olish yoki boshqalardan ham ko‘chirish mumkin, – deydi Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi A.Pardayev. – Lekin bekatlarda bunday imkoniyatning yaratilishi, avvalo, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Birgina Universitet xiyobonida to‘rtta bekat bor va ular doim talabalar bilan gavjum. Bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda, uni yanada keng joriy etish faqat ezgulikka, ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidlash kerak.

G‘olib Hasanov, O‘zA
4 473






Все о погоде - Pogoda.uz