Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 20:13 Chop etish versiyasi

AKT rivojlanish tendensiyalari muhokama qilindi

Toshkentda «ICTWEEK Uzbekistan – 2017» axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlikning axborot jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha yuqori darajadagi ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda AKT hamda dasturiy ta’minot sohalari taraqqiyoti, "elektron hukumat" hamda raqamli iqtisodiyotning istiqbollari va imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik hamkorligida tashkil etgan tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya va Qirg‘iziston vakillari qatnashdi.

Xalqaro hamkorlik moliya va bank, iqtisodiyot va sanoat sohalarida amalga oshirilayotgan yirik AKT loyihalari asosida zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalari integratsiyasida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. O‘zbekistonda yaratilgan ko‘p tarmoqli axborot infratuzilmasi yuqori texnologik sanoat tarmoqlarining jadal rivojlanishi hamda ilg‘or texnik yechimlarning samarali joriy etilishini ta’minlaydi. Bu jarayonda yuqori tezlikdagi sifatli mobil aloqa taqdim etish va LTE standarti texnologiyalari bo‘yicha ma’lumotlar uzatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda beshta mobil operator ro‘yxatdan o‘tgan, bu erkin raqobatning o‘sishi, ko‘rsatiladigan xizmat narxlari pasayishiga olib keladi. Operatorlar mijozlari 21 milliondan ortiq, ularning aksariyat qismini faol internet-foydalanuvchilari tashkil etadi. Faqat shu yilning o‘zida mahalliy mobil operatorlar O‘zbekistonning turli hududlarida LTE standarti bo‘yicha ishlovchi 450 dan ziyod mobil baza stansiyalarini o‘rnatishni rejalashtirishmoqda. Mamlakatimiz aholisining aksariyat qismini qamrab oluvchi yuqori tezlikdagi internet xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, yangi optik tolali aloqa liniyalari tortilmoqda.

Tadbirda xorijlik mutaxassislar AKT loyihalarini amalga oshirish tajribasi, qo‘llaniladigan texnik yechim va qurilmalar imkoniyatlari va o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berdi. Yig‘ilish qatnashchilari tomonidan zamonaviy texnologiyalar, jumladan, «IoT» buyumlar interneti, ochiq va katta hajmdagi ma’lumotlar, sun’iy idrokni rivojlantirishda umumiy yondashuv, modellar va tamoyillarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Raqamli iqtisodiyot konsepsiyasi, uning kichik biznes va xususiy sektorga ta’siri masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, AKT loyihalarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari muhokama etildi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
3 386






Все о погоде - Pogoda.uz