Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Texnologiyalar RSS

Ekrandagi ermak epidemiyasi

O‘zA, Ozod Rajabov, 01.12.2009 15:30

Bugun yer sharining narigi tomonida bo‘layotgan voqeani internetning on-line tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoni bor. Buning uchun televizor yoki kompyuter bo‘lishi shart emas. Telekommunikatsiya sohasidagi yutuqlardan xabardor kishi uchun qo‘lidagi mobil telefonning mitti displeyi ham katta ekran vazifasini o‘taydi.

Ammo yuksak taraqqiyot atalayotgan bu jarayon, o‘z navbatida, ayrim illatlar uchun yo‘l ochib berayotgani ham sir emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, internet xizmatidan foydalangan holda tinchgina yashayotgan odamlar orasiga qutqu soladigan, yoshlar dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan axborotlar tarqatish, yovuzlik va behayolikni targ‘ib qiladigan tasvirlarni joylashtirishdek yaramas illat paydo bo‘ldiki, uni informatsion xuruj, ekrandagi ekspansiya, deb atash mumkin.

Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Agarki bashariyat tarixini, uning tafakkur rivojini tadrijiy ravishda ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, hayotda insonni kamolotga, yuksak marralarga chorlaydigan ezgu g‘oya va ta’limotlar bilan yovuz va zararli g‘oyalar o‘rtasida azaldan kurash mavjud bo‘lib kelganini va bu kurash bugun ham davom etayotganini ko‘ramiz.

Globallashuv jarayonining yana bir o‘ziga xos jihati shundan iboratki, hozirgi sharoitda u mafkuraviy ta’sir o‘tkazishning nihoyatda o‘tkir quroliga aylanib, har xil siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlariga xizmat qilayotganini sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam, albatta, kuzatishi muqarrar.

Ommaviy axborot vositalari butun dunyoda gumanistik qarashlar ifodachisi, progressiv g‘oyalar, erkin va xolis fikrlar targ‘ibotchisi sifatida e’tirof etiladi. Lekin keyingi yillarda ayrim axborot mahkamalari, shu jumladan, internetdagi ba’zi saytlarning xolislikdan yiroq, o‘z nomi bilan atasak, soha prinsipiga zid faoliyatini kuzatgan kishi taajjubga tushadi.

Har qanday targ‘ibotdan ko‘zlangan asosiy maqsad e’tiqodga ta’sir ko‘rsatishdir. Internetda vahshiylik va zo‘ravonlikdan iborat o‘yinlarni, ibo-iffat kabi tushunchalarni inkor etadigan tasvirlar namoyishini taklif qilayotgan “ijodkorlar” faoliyatiga ana shu nuqtai nazardan baho berish lozim.

Axborot olish mumkin bo‘lgan kommunikatsiyalar, xususan, televideniye va internetning jadal rivojlanishi, hayotimizda naqadar muhim ahamiyat kasb etib borayotgani, ijobiy jihatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, taraqqiyotga xizmat etuvchi jarayonlarning salbiy jihati ham bo‘lar ekanki, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni undan qat’iy himoya qilish darkor.

Mamlakatimizda bu ishning huquqiy asosi yaratilgan. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 14-moddasida bunday satrlarni o‘qiymiz: “Jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligiga quyidagi yo‘llar bilan erishiladi: …milliy o‘zlikni izdan chiqarishga, jamiyatni tarixiy va milliy an’analar hamda urf-odatlardan uzoqlashtirishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot ekspansiyasiga qarshi harakat tizimini barpo etish”.

Masala mohiyatiga chuqurroq kirib borilsa, ma’no-matrasiz musiqiy kliplarni, hayosiz filmlarni, turfa o‘yinlarni bizga internet va har xil telekanallar, videomahsulotlar orqali reklama qilishdan maqsad axborot ekspansiyasi emasmi? Kabelli televideniye, internet-kafelar ishini mana shu qonun doirasida tahlil qilish, yoshlar tarbiyasiga, hulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan namoyishlarni cheklaydigan alohida modda kiritish vaqti yetmadimikan?

Nima uchun yurtimizda faoliyat ko‘rsatadigan, kabelli televideniye maqomini olgan servis-kompaniyalar “ujas” filmlar, mentalitetimizga mos tushmaydigan seriallar, hayosiz kliplarni efirga uzatishi, internet-kafelarda esa jangari o‘yinlar o‘ynalishi kerak?

Hozirgi kunda kompyuterdan televizor, “zangori ekran”dan esa monitor sifatida foydalanish, kompyuter diski yoxud fleshkasidagi tasvirni mobil telefonga ko‘chirish oddiy holga aylangan. Ko‘cha-kuyda, jamoat transportida qo‘lidagi telefon ekranidan nigohini uzolmaydigan yoshlarni ko‘p uchratish mumkin. Ular uyga kelishi bilan shu o‘yinni televizorga ko‘chiradi va divanga yonboshlaydi. Aslida bunday odat ancha ilgari g‘arbda paydo bo‘lgan va asta-sekin boshqa hududlarga tarqalgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, 2000 yildan buyon AQSH va Kanadada xuddi kompyuter singari maxsus kod-parol qo‘yiladigan televizorlar ishlab chiqarila boshladi.

Ekrandagi ermak epidemiyasi – inson psixologiyasi bilan shug‘ullanadigan ekspertlar kabelli televideniye va internet jodusiga ana shunday ta’rif bermoqda. Bu fikrga qo‘shilmay bo‘ladimi? Mobil telefon, kompyuter va TV ekrani oldida soatlab mixlanib qolishning dastlabki sababi ermakka borib taqalmaydimi? Internet-kafe mijozlarining aksariyati o‘yin bilan bandligi oddiy ermakning xavfli epidemiyaga aylanib ketishi mumkinligini anglatmaydimi?

Tutunning achchig‘ini mo‘ri biladi, degan hikmatga amal qilgan holda, bir necha yil burun ekran epidemiyasiga chalingan va ushbu xastalikdan bazo‘r qutilgan hamyurtimiz bilan gurunglashdik. Uning aytishicha, hammasi juda jo‘n va oddiy holatda boshlangan: dastlab aql charxlaydi degan niyatda “kubik” yiqqan, “poyga” o‘ynagan, keyin “sapyor” bo‘lib bomba izlagan, qo‘liga o‘qotar qurollarni olgan. Oqibat shu bo‘lganki, ishida unum, xonadonida xalovat yo‘qolgan.

– “Igromaniya” xastaligiga chalinganlardan biri yordam so‘rab keldi, – deydi nevropatolog A.Otaboyev. – Shashkaga qiziqarkan. Birinchi partiyadagi g‘alabadan so‘ng ekranda chiroyli ayol paydo bo‘lib ko‘zini qisibdi. Ikkinchi yutuqdan so‘ng kiyimini yechibdi. Shu tariqa turli o‘yinlarga mubtalo bo‘libdi. Tez-tez asabiylashadigan, arzimagan narsaga atrofidagilar bilan aytishadigan odat chiqaribdi. U nafaqat shifokorlar ko‘magi, balki irodasi kuchli bo‘lgani uchun ham noan’anaviy xastalikdan xalos bo‘lishga erishdi. Lekin kun bo‘yi internet-kafeda o‘tiradigan bolalar va o‘smirlarda bu holat og‘ir kechishi va juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bolaligim diyorimizga rangli televizor va videomagnitofonlar kirib kela boshlagan yillarda kechgan. Aytmoqchimanki, ana o‘shanda ham hozirgidek muammo – kun davomida ekran oldiga mixlanib o‘tirish, kasseta orqali foydasiz filmlarni tomosha qilish, ulardagi qahramonlarga taqlid qilish illati yuzaga kelgan edi. Ana o‘sha “botqoq”dan bizni tortib olish uchun o‘qituvchimiz oddiy bir usul qo‘llagan edi.

U har kuni darsni boshlashdan oldin bitta kitob olib kelar, eng qiziq joyidan ozroq o‘qib berar, shundan keyin saboqni boshlardi. Ammo hech qachon mana shu kitobni o‘qinglar, degan emas. Bilasizmi, sinfning yarmidan ko‘pi videodan uzoqlashdi, mutolaaga berildi.

Menimcha, yoshlarni ekran epidemiyasidan himoya qilish uchun aynan uning o‘zidan foydalanish, ya’ni ekranda yuqoridagiday usullar orqali kitobxonlikni, mutolaani keng targ‘ib qilish naf keltirishi aniq. Zotan, shavkatli bobomiz Amir Temur ta’biri bilan aytganda, kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchanlik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir.

Biz g‘oyalar kurashi zamonida yashayapmiz. Zamon va makonda turli manfaatlar to‘qnashayotir. Biz istiqomat qilayotgan asr axborot kommunikatsiyalari bemisl taraqqiy etayotgan mingyillik sanalgani uchun uning ijobiy robitalaridan unumli foydalangan holda salbiy jihatlaridan saqlanishimiz lozim. Sport bellashuvlarida pishiq-puxta taktikasiz g‘alaba qozonib bo‘lmaganidek, g‘oyalar kurashida ham kitobsiz zafar quchish qiyin.

So‘nggi yangiliklar:

Shaxmatchimiz sovrinli o‘ringa da’vogar

Ob-havo ma’lumoti

Iqtidorli sportchilar bellashuvi

Inson manfaatlari doim ustuvor

Telefon tarmog‘i taraqqiyoti

Reklama