O‘zA O`zbek

21.09.2007 15:41:30 Chop etish versiyasi

Zaurbek Soxiyev terma jamoaga birinchi bronza medalni keltirdi

Ozarboyjon poytaxti Boku shahri mezbonlik qilayotgan erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatida dunyoning eng kuchli polvonlari sovrinli o‘rinlar va kelasi yili Xitoyning Pekin shahrida bo‘ladigan yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda.

Erkin kurashda hamyurtlarimizdan Zaurbek Soxiyev terma jamoamiz hisobiga birinchi bronza medalni keltirdi. Aytish joizki, o‘tgan yili Xitoyda bo‘lgan jahon chempionatida ham sovrindor bo‘lgan hamyurtimiz uchun musobaqa omadsiz boshlandi. U vazni 84 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlarning dastlabki uchrashuvidayoq tojikistonlik J.Abusalomovga imkoniyatni boy berdi.

Shunday bo‘lsa-da, uchinchi o‘rin uchun bellashuvlarda bor irodasini namoyish qilgan Z.Soxiyev Janubiy Koreyadan kelgan D.Lini, gretsiyalik L.Loizidisni hamda turkiyalik S.Bolchini mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu sovrin Zaurbek Soxiyevga Pekin Olimpiadasiga borish huquqini beradi.

Bokudagi musobaqada yana ikki nafar hamyurtimiz bellashuvlarni davom ettirmoqda. 120 kilogramm vazn toifasida dunyoning eng kuchli erkin kurashchisi hisoblangan Olimpiada o‘yinlari va amaldagi jahon chempioni Artur Taymazov dastlabki uchrashuvda ruminiyalik R.Chintoanni mag‘lubiyatga uchratdi.