O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

“Yuventus”dan navbatdagi gʻalaba

“Yuventus”dan navbatdagi gʻalaba

Kecha A Seriyaning 24-tur oʻyinlariga start berildi. Turning ilk uchrashuvida chempionat peshqadami “Yuventus” oʻz maydonida autsayder “Frozinone”ni qabul qildi.

Uchrashuv mezbonlarning katta ustunligi ostida oʻtdi va turinliklarning 3:0 hisobidagi gʻalabasi bilan tugadi. Turin klubiga gʻalaba keltirgan gollarga Paulo Dibala, Leonardo Bonuchchi va Krishtianu Ronaldular mualliflik qilishdi.

Taʼkidlash joiz, “keksa sinora” A Seriyaning oxirgi uchta oʻyinida raqiblar darvozasini uch martadan ishgʻol etishmoqda. Avvaliga ular “Parma” bilan 3:3 hisobida durang oʻynagan boʻlsa, keyin “Sassuolo”ni 3:0 hisobida magʻlubiyatga uchratishgandi. Va endi “Frozinone” darvozasi ham javobsiz uch marotaba ishgʻol etildi.

Eʼtiborlisi, mazkur seriya boshlanishi oldidan “Yuve” Italiya kubogi chorak finalida “Atalanta”ga 3:0 hisobida yutqazib qoʻygandi. Agar anʼana davom etadigan boʻlsa Massimiliano Allegri shogirdlarining keyingi oʻyinida (Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Atletiko Madrid”ga qarshi mehmonda) ham sermahsullikka guvoh boʻlamiz shekilli.

Turinliklar hozirda oʻz ochkolari sonini 66 taga yetkazgan holda A Seriyada peshqadamlik mavqeini mustahkamlashdi. 2-oʻrinda borayotgan “Napoli” esa “keksa sinora”dan 14 ochkoga ortda qolmoqda. Ammo neapolliklar zaxirasida bitta oʻyin bor.

23-turning qolgan oʻyinlarida quyidagi jamoalar oʻzaro kuch sinashadi:

16 fevral

“Kalyari” – “Parma”
“Atalanta” – “Milan”

17 fevral

SPAL – “Fiorentina”
“Empoli” – “Sassuolo”
“Udineze” – “Kyevo”
“Jenoa” – “Latsio”
“Inter” – “Sampdoriya”
“Napoli” – “Torino”
“Roma” – “Bolonya”

917
OʻzA