O‘zA O`zbek

28.08.2018 20:09 Chop etish versiyasi

Yuksak natijalar bilan

Yuksak natijalar bilan Osiyo oʻyinlarida ishtirok etganbir guruh sportchilar yurtimizga qaytdi

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari oʻtkazilmoqda.

Mazkur musobaqaning sport gimnastikasi, slalomda eshkak eshish, ushu, suzish, taekvondo (WTF) boʻyicha oʻtgan bahslarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, sport muxlislari kutib oldi.

Mamlakatimizda yosh avlodning jismonan va maʻnan yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi, sport bilan muntazam shugʻullanishi, oʻz isteʻdod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar samarasida sportchilarimiz nufuzli musobaqalarda gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy egallab kelmoqda.

Buning misolini sportchilarimizning XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida qayd etayotgan natijalaridan ham koʻrishimiz mumkin.

Jumladan, taekvondo (WTF) boʻyicha oʻtgan 80 kilogrammgacha vazn toifasidagi bellashuvlarda Nikita Rafalovich barcha raqiblarini yengib, Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandi.

Shuningdek, taekvondochilarimizdan Dmitriy Shokin va Madinabonu Mannopova kumush, Nigora Tursunqulova hamda Svetlana Osipova bronza medallariga sazovor boʻldi.

Ushu bellashuvlarida Darya Latisheva kumush medalni qoʻlga kiritdi. Sport gimnastikasining tayanib sakrash musobaqasida Oksana Chusovitina delegatsiyamizga navbatdagi kumush medalni keltirdi.

Sportchilarimizning bu kabi yuksak natijalarni qoʻlga kiritishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi Oʻzbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisidagi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda.

– Osiyo oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritib, Prezidentimiz va xalqimizning ishonchini oqlaganimdan xursandman, – deydi XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining oltin medal sohibi Nikita Rafalovich. – Musobaqada har bir jang men uchun qiyin oʻtdi. Biroq murabbiyim Akmal Ergashevning maslahatlari va gʻalabaga boʻlgan intilishim ushbu qarshiliklarni yengib oʻtishda menga yordam berdi. Maqsadim Olimpiya oʻyinlarida ham shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilishdir.

J.Toshxoʻjayev, Muhammad Amin(surat) OʻzA
2 442