Yosh tennischilarimiz bosh sovrin sohibi
Poytaxtimizda tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan “NBU Cup” xalqaro turnirida yosh tennischilarimiz bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Poytaxtimizda tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan “NBU Cup” xalqaro turnirida yosh tennischilarimiz bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.Turnirning o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida qatnashgan Humoyun Sultonov yakkalik va juftlik bahslarida g‘alaba qozondi. Yakkalik bahslarida uchinchi raqamda saralangan iqtidorli tennischimiz qozog‘istonlik Ilya Taraninni 6:1, 6:1, jamoadoshi Azamat Luqmonovni 6:0, 6:0, chorak finalda gretsiyalik Ioannis Papounidisni 7:6, 6:0, yarim finalda rossiyalik Kristian Lozanni 6:0, 6:1, hal qiluvchi bahsda yana bir jamoadoshi Saida’lo Saidkarimovni 6:2, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Juftlik bahslarida Humoyun Sultonov va Sharobiddin Abzalov dastlabki bahsda qozog‘istonlik Rodion Pak va rossiyalik Vyacheslav Yulikni 6:1, 6:1, chorak finalda Shohrux Abdumalikov (O‘zbekiston) va Andrey Langrafni (Rossiya) 6:4, 6:3, yarim finalda rossiyalik tennischilar Aleksey Kovalyov va Kristian Lozanni 6:3, 6:2, finalda rossiyalik Timur Igamberdiyev va qozog‘istonlik Pavel Petrov juftligini 6:4, 6:0 hisobida yengdi.
Qizlar o‘rtasidagi juftliklar bahslarida rossiyalik Kamila Rahimova bilan hamkorlikda kortga chiqqan Kamola Umarova ham bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.