O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Yosh sportchilarni tarbiyalash sohasida yechimini kutayotgan muammolar hali ko‘p

Yosh sportchilarni tarbiyalash sohasida yechimini kutayotgan muammolar hali ko‘p

Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi Bahodir Mirzaqulov sport sohasida 30 yildan ko‘proq faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Shu vaqt mobaynida shogirdlaridan 7 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 50 nafarga yaqini sport ustasi bo‘ldi. Ular orasida ikki karra Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Xurshid Tojiboev, Butunjahon talabalar, harbiylar o‘yinlari g‘olibi Abdug‘affor Umarov kabi taniqli sportchilar bor.

O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, ikkinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Bahodir MIRZAQULOV bilan suhbatlashdi.

– Bahodir aka, Prezidentimiz raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng ko‘nglingizda nimalar kechdi?

– Yig‘ilishda yechimini kutayotgan ko‘plab dolzarb muammolar ochiq-oydin aytildi. To‘g‘ri, sportni rivojlantirishda erishgan natijalarimiz quvonarli. Ammo, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, hali bu yo‘nalishda yechimini kutayotgan muammolar ham kam emas. Ularni qanchalik tez hal qilsak, yutuqlarimiz yanada ko‘payadi.

Paxtakor tumani sportning barcha turlari bo‘yicha viloyatda oldingi o‘rinlarda turadi. Tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi 2007 yilda rekonstruksiya qilinib, sportning qator turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan edi. Majmua tarkibida boks, kurash mashg‘ulotlari zallari, 200 o‘rinli stadion, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi maydonchalari, yengil atletika yo‘lakchalari mavjud. Ayni paytda muassasa va uning umumta’lim maktablaridagi guruhlarida 1000 dan ziyod o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanayotir. Ularga 34 nafar murabbiy sport sirlarini o‘rgatmoqda.

Men rahbarlik qilayotgan boks to‘garagining 27 ta guruhida 341 nafar o‘quvchi shug‘ullanadi. Ularga 10 nafar mutaxassis boks sirlarini o‘rgatadi. To‘garak tarbiyalanuvchilaridan uch nafari boks bo‘yicha mamlakat terma jamoasi a’zosi. Ulardan biri Bobousmon Boturov Tokio Olimpiadasiga nomzod, shu kunlarda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tayotgan havaskor bokschilar o‘rtasidagi XX jahon chempionatida ishtirok etmoqda.

Iste’dodli sportchini tarbiyalash oson emas. Buning uchun, birinchi navbatda, sport maktablarining moddiy bazasini mustahkamlash kerak. Bizning maktabimiz kabi ko‘plab bolalar sport inshootlarining oxirgi marta jihozlanganiga 10 yildan oshdi. Inshootlar ham, jihozlar ham foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan. Buning ustiga tuman, viloyat musobaqalarida ishtirok etish uchun budjetdan mablag‘ ajratilmaydi. Homiy topish ham qiyin. Boshqa viloyatlardagi musobaqaga borish uchun safar xarajatlariga hamma ota-onaning ham imkoni yetavermaydi. Ba’zan qobiliyatli o‘smir puli yo‘qligi uchun musobaqada qatnasholmay qolishi mumkin. Bu uning ruhiyatiga ta’sir qiladi.

– Tuman bolalar va o‘smirlar sport maktablarida malakali murabbiylar yetishmasligi haqida ko‘p gapiriladi. Bu muammo qanday yechilmoqda?

– Bu ham ancha og‘riqli masala. Masalan, maktabimizdagi 34 nafar murabbiyning faqat 13 nafari oliy ma’lumotli, xolos. Oliy ta’lim muassasasida yaxshi o‘qigan yosh mutaxassislarning aksariyati qishloqqa kelmaydi. Ular ko‘proq maosh to‘lanadigan shaharda qolishni ma’qul ko‘rishmoqda. Bolalar va o‘smirlar sport maktablari murabbiylarining ish haqlari juda kam.

Keyingi yillarda umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining ish haqi oshirilgani negadir bizga aloqador bo‘lmadi. Oliy o‘quv yurtini bitirib kelgan yosh mutaxassisning 1 stavka oyligi 800 ming so‘mga yetmaydi. Hech qaerda unga 1,5 stavka ish berilmaydi. Shuning uchun bolalar va o‘smirlar sport maktablarida asosan o‘rta maxsus ma’lumotli murabbiylar ishlayotir.

Murabbiylarga haq to‘lashdagi bunday nomutanosiblik ularni rag‘batlantirishda ham mavjud. Vaholanki, katta sportga bolalar sporti orqali boriladi-ku?! Ularni 17 yoshgacha biz tarbiyalaymiz, ya’ni bo‘lajak chempionlar mana shunday maktablarda voyaga yetadi. Biroq, sportchi xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishsa, uni tarbiyalagan emas, amaldagi murabbiy rag‘batlantiriladi. Sporti rivojlangan davlatlarda esa bunday emas. Binobarin, bu masalani ham qayta ko‘rib chiqish vaqti allaqachon keldi.

– O‘zingiz murabbiylik qilayotgan yosh bokschilarni tarbiyalashni yanada yaxshilash uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?

– Menimcha, bolalar va o‘smirlar sport maktablarini ixtisoslashtirish, qaysi tur bo‘yicha imkoniyati ko‘proq bo‘lsa, shu sport turini alohida qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish zarur. Masalan, bizning tumanimizda boks boshqa hududlarga qaraganda ancha yaxshi rivojlangan. Bu keyingi yillarda yetishib chiqqan xalqaro toifadagi sportchilar sonidan ham ko‘rinib turibdi. Shuning uchun sport maktabining bir qismini boks maktabiga aylantirish taklifini tuman, viloyatdagi soha mas’ullariga ham aytganman.

Faqat boksda emas, boshqa sport maktablarida ham sportning eng yaxshi natija ko‘rsatib kelayotgan turlariga alohida e’tibor qaratish masalasini o‘rganib chiqish kerak. Shunday qilinsa, katta sportimiz uchun o‘rinbosarlar tayyorlash yanada yaxshilanadi.

Prezidentimizning siz tilga olgan yig‘ilishdagi kuyunib aytgan gaplaridan kelib chiqib, o‘zim duch kelayotgan ayrim muammolar haqida to‘xtaldim. Bu taklif va mulohazalar tegishli vazirliklar tomonidan o‘rganib chiqilib, imkon qadar hal etilsa, bundan barcha bolalar sporti maktablari, demakki, mamlakatimiz sporti yutadi.

1 682
Toshqul BEKNAZAROV,O‘zA