O‘zA O`zbek

15.03.2019 17:59 Chop etish versiyasi

Yevropa ligasi: chorak finaldayoq “finaldan oldingi final”

Yevropa ligasi: chorak finaldayoq “finaldan oldingi final”

Hozirgina Shveysariyaning Non shahrida Yevropa ligasining chorak final o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.

Ta’kidlash joiz, qur’a natijalari bizga ushbu bosqichdayoq finaldan oldingi finalni taqdim etdi. Musobaqa g‘olibligiga asosiy da’vogarlardan bo‘lmish Italiyaning “Napoli” hamda Angliyaning “Arsenal” klublaridan biri afsuski chorak finaldayoq turnir bilan xayrlashadi.

Qur’ada “Chelsi”ning omadi chopdi, deyish mumkin. Boisi, Maurisio Sarri shogirdlari chorak finalda Chexiyaning “Slaviya” klubini imtihondan o‘tkazadi. To‘g‘ri, statistik raqamlarga ko‘ra ushbu juftlikda londonliklar favorit sanaladi. Ammo, shuni unutmaslik kerak, chexlar nimchorak finalda kimsan “Sevilya”ni bahslardan chiqarib yubordi. Shunday ekan, “Slaviya”ni autsayderga chiqarish yaramaydi.

photo5215179501506505299.jpg

Chorak finalning qolgan ikki juftligi quyidagicha ko‘rinish oldi:

“Vilyarreal” (Ispaniya) – “Valensiya” (Ispaniya)

“Benfika” (Portugaliya) – “Ayntraxt” (Franfurt, Germaniya)

Yarim finalda “Napoli”/“Arsenal” juftligi g‘olibi “Vilyarreal”/“Valensiya” qarama-qarshiligida ustun kelgan jamoa bilan kuch sinashsa, “Benfika”/“Ayntraxt” to‘qnashuvida g‘olib chiqqan tomon katta ehtimol bilan yarim finalda “Chelsi” (yoki “Slaviya”) bilan kuch sinashadi.

Agar Angliya klublari finalgacha mag‘lubiyatsiz odimlashsa, ajabmaski biz sof inglizcha finalga guvoh bo‘lsak.

Voqealar rivojini saytimiz orqali kuzatib boring.

Otabek Eshmamatov, O‘zA
939