O‘zA O`zbek

26.06.2020 Chop etish versiyasi

“Yashil” toifadagi hududlarga sport qaytmoqda

“Yashil” toifadagi hududlarga sport qaytmoqda

Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻiga muvofiq shu yil 20-iyuldan boshlab mamlakatimizning “yashil” toifadagi hududlarida sport musobaqalari boshlanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari respublikamizning “yashil” hududlarida hududiy futbol assotsiatsiyasi, hokimliklar, sogʻliqni saqlash va ichki ishlar boʻlimlari bilan kelishgan holda mahalla yoshlari oʻrtasida futbol boʻyicha “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi” sport musobaqalarini tashkil etishlari mumkin.

Mini-futbol boʻyicha “Futbolimiz kelajagi” musobaqasida yurtimiz mahallalarida istiqomat qiluvchi 9-12 yoshli bolalar toʻrtta yosh toifasida (9, 10, 11 va 12) gʻoliblik uchun bahs olib borsa, 13-14 yoshli oʻsmirlar esa “Mahallada futbol” musobaqasida oʻz omadlarini sinab koʻrishadi. Bunda musobaqalar ikkita yosh toifasida oʻtkaziladi. Har ikkala musobaqa uch bosqichda tashkil etiladi.

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan vazirlik, idora va tashkilotlarning markaziy apparat, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari xodimlari oʻrtasida futbol boʻyicha “Rahbar kubogi”, hududiy davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari oʻrtasida futbol boʻyicha “Hokim kubogi” sport musobaqalari ham oʻtkaziladi.

Mazkur sport tadbirlari yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, ular orasidan iqtidorli yoshlarni, chekka hududlardagi yoshlarga oʻz iqtidorini namoyon etishlariga koʻmak berish maqsadida tashkil etilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

8 419
O'zA