O‘zA O`zbek

03.08.2019 16:17 Chop etish versiyasi

Xushxabar: baydarka va kanoechilarimizdan qoʻsh oltin medal

Xushxabar: baydarka va kanoechilarimizdan qoʻsh oltin medal

Bunaqasi mustaqil Oʻzbekiston tarixida hali boʻlmagandi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Ruminiyaning Piteshti shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha yoshlar oʻrtasida jahon chempionati boʻlib oʻtmoqda. Unda 23 yoshgacha boʻlgan sportchilar gʻoliblik uchun bahs olib borishyapti.

Quvonarlisi, musobaqaning bugungi bellashuvlari terma jamoamiz aʼzolari uchun muvaffaqiyatli kechdi. Dastlab avval ayollar oʻrtasidagi bahslarda kanoechilarimiz Dilnoza Rahmatova va Nilufar Zokirova juftligi 200 metr masofaga oʻtkazilgan poygalarda jahon chempionligini qoʻlga kiritdi. Hamyurtlarimiz belgilangan masofani 43.340 soniya ichida bosib oʻtishdi. Ushbu yoʻnalishda kumush va bronza medallari esa mos ravishda Polsha hamda Belarus terma jamoalariga nasib etdi.

Kanoeda eshkak eshish. U-23 jahon chempionati.

Ayollar, 200 metr, juftlik.

1. Dilnoza Rahmatova, Nilufar Zokirova (Oʻzbekiston) – 43.340

2. Silviya Sherbinska, Dorota Borovska (Polsha) – (+0.780)

3. Darina Salanenka, Kamila Bobr (Belarus) – (+1.644)

Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirovalarning muvaffaqiyatini bugun yana bir yurtdoshimiz Artur Guliyev ham davom ettirdi. Kanoeda eshkak eshish boʻyicha 200 metrga yakkalik bahslarida Nankin-2014 oʻsmirlar Olimpiadasi ishtirokchisi Artur Guliyev 38.717 soniya natijasi bilan eng yaxshi koʻrsatkichni qayd etdi va terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni qoʻshib qoʻydi. Keyingi oʻrinlarni Ispaniya hamda Bolgariya terma jamoasi vakillari qoʻlga kiritdi.

Kanoeda eshkak eshish. U-23 jahon chempionati.

Erkaklar, 200 metr, yakkalik.

1. Artur Guliyev (Oʻzbekiston) – 38.717

2. Pablo Grana (Ispaniya) – (+1.122)

3. Angel Kodinov (Bolgariya) – (+1.230)

Shuni alohida taʼkidlash kerak, hali mustaqil Oʻzbekiston tarixida sportchilarimiz bunday olamshumul gʻalabani qoʻlga kiritishmagan edi. Toʻgʻri, oʻz vaqtida Vadim Menkov ikki bor jahon chempioniga aylangan. Ammo, u kattalar oʻrtasida shunday natija qayd etgan. Yoshlar orasida esa hali Oʻzbekistondan jahon chempionlari yetishib chiqmagan edi. Demakki, kanoechilarimizning bu muvaffaqiyatini tarixiy, deb atashga haqlimiz. Qolaversa, mazkur gʻalaba mamlakatimizning eng ulugʻ va eng aziz bayrami – mustaqilligimizning 28 yillik toʻyiga munosib toʻyona boʻldi.

O.ESHMAMATOV, OʻzA
2 541