O‘zA O`zbek

06.10.2019 Chop etish versiyasi

Xalqaro sport sammitida innovatsion gʻoyalar ilgari surildi

Xalqaro sport sammitida innovatsion gʻoyalar ilgari surildi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan bir guruh faol yoshlarning xalqaro loyihasi qoʻllab-quvvatlandi. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar” oromgohida 4-6-oktyabr kunlari “Xalqaro sport sammiti” tashkil etildi. Sport sammitida 1258 nafar ishtirokchilar orasidan saralanib olingan 120 nafar mamlakatimiz yoshlari shuningdek, Afgʻoniston, Tojikiston hamda Nigeriya davlatidan tashrif buyurgan sportsevar delegatlar ishtirok etishdi.

Yoshlar press-klubida oʻtkazilgan ochilish marosimi koʻtarinki ruhda tashkil etildi. Loyiha tashkilotchilari mamlakatimizda ilk bora oʻtkazilayotgan xalqaro sport sammiti boʻyicha maʼlumotlar berib, birinchi marotaba oʻtkazilayotgan sport sammiti bilan barcha yoshlarni tabriklashdi. Soʻng barcha ishtirokchilar yurtimizning eng goʻzal joylaridan biri Boʻstonliq tumani tomon yoʻl olishdi. Yoʻl davomida hush kayfiyat hech kimni tark etmadi. Faol yoshlar chet davlatidan tashrif buyurgan tengdoshlariga oʻzbek tilidagi soʻzlarni oʻrgatib, milliy qoʻshiqlarimizni xirgoyi qilib ketishdi. Oromgohga yetib kelingandan soʻng ishtirokchilar uchun mahoratli trenerlar tomonidan seminarlar oʻtkazildi. Sportchilarni olimpiada oʻyinlariga psixologik, biologik, fiziologik tayyorlash, turizm, biznes reja va biznes gʻoyalar hamda sport jurnalistikasi yoʻnalishlarida soha mutaxassislari tomonidan xilma-xil maʼlumotlar berildi.

Erta tongdan musiqa hamohangligida badantarbiya, toza havodan toʻyib nafas olish va mazali taomlar isteʼmoli yoshlarni kun davomida seminar-treninglarda faol boʻlishini taʼminladi.

- Yaqinda karate sport turidan oʻtkazilgan musobaqada yengil tan jarohati oldim. Shu vaqtda mening jismoniy va ruhiy kuchim ham bor edi, lekin oʻzimda psixologik yordamga muhtoj ekanligimni sezdim, - deydi sammit prezidenti Xonzodabegim Jamalova. - Demak, barcha sportchilarning rivojlanishi uchun psixologik, fizik, biologik yordam muhim! Yana chet eldan qimmat sport mahsulotlari sotib olish oʻrniga oʻz yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirib, sifatli sport anjomlari, sport kiyimlari ishlab chiqarish, sport inshootlarini koʻpaytirish kerak. Bu orqali chet eldan qimmat narxga sotib olayotgan mahsulotlarimiz arzon boʻlishi mumkin. Shuningdek, sport yoʻnalishidagi yangiliklar, muammolarni yoritishda yosh sharhlovchilarga muhtojligimizni tushunib yetdim. Sport sammitida xalqaro delegatlar ishtirokini kengaytirish esa mamlakatimizning turizm sohasini rivojlantirishga hissasini qoʻshgan boʻlardi.

Sport jurnalistikasi yoʻnalishi delegatlari uchun Xayrulla Xamidov va Davron Fayziyev mentor etib belgilandi. Malakali sharhlovchilar ishtirokida Oʻzbekistonda sport jurnalistikasidagi yutuqlar va kamchiliklar muhokama etildi. Bugungi sport jurnalistikasida taʼsirchanlikni oshirish, tezkorlik hamda tomoshabinlarga qiziqarli dasturlar tayyorlash borasida ishtirokchilarga kerakli bilimlar berib oʻtildi.

Xalqaro delegatlar va yurtimiz yoshlari birgalikda turizm, sportchilarni olimpiada oʻyinlariga psixologik, biologik, fiziologik tayyorlash, biznes reja va biznes gʻoyalar kabi yoʻnalishlarda innovatsion loyihalar ishlab chiqishni boshlashdi.

751
Avazbek ARABBOYEV, Xamdam MAMADALIYEV (Surat), OʻzA