O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Vazirlik, idora va tashkilotlar o‘rtasida sportning ikki turi bo‘yicha “Bosh vazir kubogi” musobaqasi o‘tkaziladi

Vazirlik, idora va tashkilotlar o‘rtasida sportning ikki turi bo‘yicha “Bosh vazir kubogi” musobaqasi o‘tkaziladi

Xabaringiz bor, 2019 yil 4 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yichavideoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Prezident tomonidan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari hamda hududlardagi yirik korxonalar va tashkilotlar xodimlarini sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, jismoniy tarbiya ko‘nikmasini shakllantirish va ular o‘rtasida sportning ommaviyligini ta’minlash, shu maqsadda turli ommaviy madaniy va sport tadbirlari, jumladan “Bosh vazir kubogi” musobaqasini o‘tkazish vazifasi yuklatilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil 18-27 oktabr kunlari sportning futbol va voleybol turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kubogi musobaqasi o‘tkaziladi. Unda turli vazirlik, tashkilot hamda idoralarda faoliyat olib borayotgan markaziy apparat xodimlari ishtirok etadi.
Futbol bo‘yicha o‘tkaziladigan “Bosh vazir kubogi” musobaqasi vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlarining jismoniy rivojlanishini takomillashtirish hamda ularning jismoniy tarbiya va ommaviy sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan. Ushbu musobaqada soha xodimlaridan tashkil topgan 62 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Ayollar o‘rtasidagi voleybol musobaqalarida ishtirok etish uchun esa 11 ta jamoadan talabnoma kelib tushgan.

Futbol musobaqalarining pley-off bosqichi bellashuvlari “Bunyodkor” futbol akademiyasining sun’iy maydonida o‘tkazilsa, yarim final hamda final o‘yinlari 26-27 oktabr kunlari “Milliy” stadionda tashkil etiladi. Musobaqaga qur’a tashlash marosimi hamda matbuot anjumani 12 oktabr kuni soat 10:00da Jismoniy tarbiya va sport vazirligi binosida bo‘lib o‘tadi.

Futbol va voleybol bo‘yicha “Bosh vazir kubogi” musobaqasi g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari, kubok va diplomlar bilan taqdirlanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

416
O‘zA