Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 18:42 Chop etish versiyasi

V Osiyo o‘yinlarida 189 nafar sportchi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi

Shu yilning 17-27 sentyabr kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli musobaqada mamlakatimiz sportchilari ham ishtirok etadi.

Prezidentimizning joriy yil 10-avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar va murabbiylarning mashaqqatli mehnatlarini munosib taqdirlash, ularning tajribasi va salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qilmoqda.

– Mamlakatimizda sport ravnaqiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban sportchilarimiz turli nufuzli musobaqalarda O‘zbekistonimizning dunyo miqyosidagi obro‘sini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shib, kuch va iste’dod bobida hech kimdan kam emasligini namoyon etmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Turdiyev. – Jumladan, sportchilarimiz joriy yilning 17-27 sentyabr kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlariga ham har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Mazkur nufuzli musobaqada engil atletika, og‘ir atletika, sport kurashlari (erkin, yunon-rum va ayollar kurashi), taekvondo, velosport (trek), ot sporti, shaxmat, suzish, tennis, futzal, basketbol (3x3), kurash, belbog‘li kurash, turkman kurashi, sport raqsi, kikboksing, muaytay, jiu-jitsu, sambo va bouling bo‘yicha o‘tadigan musobaqalarda 189 sportchimiz Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Yurtimiz sportchilari 2009-yili Tailandda o‘tkazilgan jangovar yakkakurashlar bo‘yicha I Osiyo o‘yinlarida to‘rtta oltin, beshta kumush va o‘n ikkita bronza medal, Vetnamda o‘tgan yopiq inshootlardagi III Osiyo o‘yinlarida beshta oltin, to‘qqizta kumush va o‘nta bronza medal jamg‘argan edi.

Ilgari alohida o‘tkaziladigan bu ikki nufuzli musobaqa 2013 yildan birga tashkil etilishi natijasida uning dasturidan faqat dunyo miqyosida jadal rivojlanayotgan sport turlari joy oldi.

– Turkmanistonda o‘tadigan nufuzli musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimizga barcha sharoit yaratib berilmoqda, – deydi Olimpiya o‘yinlari sovrindori Ixtiyor Navro‘zov. – Biz sportchilar haftasiga olti kun tashkil etilgan jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlik mashqlarida ishtirok etmoqdamiz. Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida yuqori o‘rinlarni egallab, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga astoydil bel bog‘laganmiz.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
1 946






Все о погоде - Pogoda.uz