O‘zA O`zbek

22.08.2018 17:02 Chop etish versiyasi

Uzoq kutilgan ikkinchi oltin

Uzoq kutilgan ikkinchi oltin
Shu kunlarda keng jamoatchilik diqqat markazida turgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari tobora qizg‘in tus olmoqda. Bugungi dastur doirasida atletlarimiz suzish, qilichbozlik, taekvondo, yunon-rum kurashi, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, velosport, slalomda va akademik eshkak eshish, o‘t otish hamda tennis bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi. 

Ko‘pchilikning e’tibori shubhasiz taekvondo musobaqalariga qaratildi. Ushbu yo‘nalishda yurtimiz sharafini bugun ikki nafar hamyurtimiz 63 kilogramgacha bo‘lgan vazn toifasida Sardor Toirov hamda 80 kilogramgacha vaznda terma jamoamiz yetakchilaridan biri, xususan Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlari kumush medali sovrindori Nikita Rafalovichlar himoya qilishardi. Kechagi bahslarda yana bir yetakchi atletimiz, jahon chempioni Dmitriy Shokin oltin medalni qo‘ldan chiqargach, terma jamoamiz a’zolarining bor umidi Nikitaga qadalgandi. 

Shunisi quvonarliki, hamyurtimiz muxlislari ishonchini oqlagan holda terma jamoamizga uzoq kutilgan oltin medalni taqdim etdi. U finalda taekvondo vatani Janubiy Koreya vakili Li Xva Jun ustidan qiyinchilik bilan 21:18 hisobida g‘alaba qozondi. Tan olish kerak, final bellashuvi o‘z nomiga mos tarzda hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. So‘nggi bo‘limga kelib Nikita raqibini 18:11 hisobida dog‘da qoldirayotgandi. Ammo, Li taslim bo‘lmadi va hisobni tenglashtirdi. Ko‘pchilik endi oltin ochko qoidasiga guvoh bo‘lishimizni kutib turgan bir pallada Nikita Rafalovich birgina aniq zarba bilan jang taqdirini hal qildi. Shu tariqa terma jamoamiz a’zolari XVIII Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, musobaqaning ilk kunida erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov O‘zbekiston sport delegatsiyasiga dastlabki oltin medalni taqdim etgandi.

O‘zA
2 062