O‘zA O`zbek

12.07.2019 21:36 Chop etish versiyasi

UNIVERSIADA-2019: bugun vakillarimiz uchta oltin medal uchun kurashadi

UNIVERSIADA-2019: bugun vakillarimiz uchta oltin medal uchun kurashadi

Ayni kunlarda Italiyaning Neapol shahrida boʻlib oʻtayotgan dunyo talabalarining yozgi Universiada oʻyinlari oʻzining hal qiluvchi pallasiga kirdi.

Musobaqaning bugungi bahslari vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda. Jumladan, taekvondo WTF boʻyicha oʻtkazilgan bahslarda 63 kg.gacha vazn toifasida dayanga chiqqan yurtdoshimiz Niyoz Poʻlatov finalga yoʻl oldi.

Ilk davrada Xorvatiya, keyin esa mezbon italiyalik taekvondochilarni magʻlub etgan vakilimiz, chorak finalda turkiyalik Merkan Dolmakdan ustun keldi. Yarim finalda esa Niyoz xitoylik Vu Yichaoga qarshi bahs olib bordi va unda yurtdoshimiz 5:3 hisobida gʻalaba qozongan holda final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Endi u birozdan keyin boshlanadigan hal qiluvchi final bahsida eronlik Soroush Ahmadga qarshi jang qiladi.

Bugun tunda tennis boʻyicha yakkalik va juftlik musobaqalarida ham final oʻyinlari oʻtkaziladi. Eʼtiborlisi, erkaklar oʻrtasida ham yakkalik, ham juftlik bahslarining final oʻyinlari oʻzbek oʻgʻlonlari ishtirokida oʻtadi.

Umidli tennischimiz Humoyun Sultonov dastlab yurtdoshimiz Sanjar Fayziyev bilan birgalikda juftlik bahslarida, soʻngra oʻzi yakkalik bahslarida oltin medal uchun kurash olib boradi.
Agar hamyurtlarimiz barcha yoʻnalishlarda gʻolib chiqishsa, u holda Oʻzbekiston terma jamoasi norasmiy umumjamoa hisobida 16-oʻringa koʻtarilib olishi mumkin. Ayni paytda vakillarimiz 5ta bronza medali bilan norasmiy umumjamoa hisobida 47-oʻrinni egallab turibdi.

OʻzA
858