O‘zA O`zbek

16.08.2018 21:13 Chop etish versiyasi

Ulkan zafarlar yor bo‘lsin sizga,sportchilar!

Ulkan zafarlar yor bo‘lsin sizga,sportchilar! O‘zbekiston sport delegatsiyasi 18 avgust – 2 sentyabr kunlari XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Indoneziyaga jo‘nab ketdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni nufuzli musobaqaga kuzatish uchun sport jamoatchiligi yig‘ildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportni rivojlantirish, o‘g‘il-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonlarda Vatan sharafini munosib himoya qila oladigan yosh iqtidor egalarini tarbiyalash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilayotir. Buning samarasida sportchilarimiz nufuzli musobaqalar – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida muntazam yuqori natijalarga erishmoqda.

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida qit’amizning ellikka yaqin davlatidan o‘n ming nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashadi. Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik 232 nafar sportchi 30 sport turi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan bahslarda Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risidagi qarori sportchilarimizning Osiyo o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rishi, ular uchun munosib sharoit yaratishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

– Mamlakatimiz sportchilarining yirik sport anjumanlaridashohsupaga ko‘tarilishi yaxshi an’anaga aylangan, – deydi taekvondo (WTF) bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin – Ishonchimiz komilki, yurtdoshlarimizning Jakarta va Palembang shaharlarida erishadigan natijalari avvalgi Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan yuqori bo‘ladi.

Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston sportchilari jahon maydonlarida katta zafarlarga erishmoqda. Xalqaro maydondagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, Osiyo o‘yinlarida qatnashayotgan har bir sportchimiz ortida o‘zini mana shunday yuksak darajaga yetkazgan Vatanimiz, xalqimiz turganini, yaratilayotgan sharoitlarning barchasi Prezidentimizning yosh avlod kamolotiga qaratayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli ekanini chin dildan his qiladi. Mana shu tuyg‘u ularga kuch-quvvat, ishonch bag‘ishlaydi. XVIII Osiyo o‘yinlari ham O‘zbekiston sportchilari uchun samarali bo‘lishiga ishonamiz.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi.

Javohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat) O‘zA
2 174