O‘zA O`zbek

25.10.2019 Chop etish versiyasi

U-shu: jahon chempionatida vakillarimiz uchta bronza medaliga sazovor bo‘ldi

U-shu: jahon chempionatida vakillarimiz uchta bronza medaliga sazovor bo‘ldi

Joriy yilning 16 oktabr sanasida Xitoyning Shanxay shahrida U-shu bo‘yicha jahon chempionatiga start berilgan edi. Mazkur jahon chempionatida dunyoning roppa-rosa 100 ta davlatidan 600 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.

Ishtirokchilar orasidan musobaqa mezboni va U-shu sporti vatani Xitoy, shuningdek, jahon sportida o‘z o‘rniga ega AQSh, Kanada, Braziliya, Argentina, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Shvesiya, Gresiya, Turkiya, Bolgariya, Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Yaponiya,Janubiy Koreya, Hindiston, Qozog‘iston, Filippin, singapur, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Iordaniya, Misr, Avstraliya, O‘zbekiston singari davlatlar vakillari o‘rin olgan edi. Jahon chempionatida sportchilar U-shuning har ikki yo‘nalishi, ya’ni taolu va sanda bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Jahon chempionati yakuniga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolari uchta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jumladan, Darya Latыsheva qilich bilan taolu yo‘nalishida, Akmal Rahimov -65 kg. vazn toifasida hamda Hasan Ikromov esa -48 kg vaznda sanda yo‘nalishida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Umumjamoa hisobida kutilganidek musobaqa mezbonlari Xitoy terma jamoasi eng ko‘p medal bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kuchli uchlikdan Eron hamda Gonkong terma jamoalari joy olishdi. Umuman, kuchli beshlik to‘liq Osiyo qit’asi vakillariga nasib etdi. Chunonchi, Indoneziya 4-o‘rin, Makao esa 5-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston terma jamoasi esa 3ta bronza medali bilan yakunda 22-pog‘onadan joy oldi.

Ma’lumot uchun: mazkur jahon chempionatida jami 5 nafar O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zosi vatanimiz sharafini himoya qildi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi 25 oktabr kuni kunduzi soat 12:50da Olmaota – Toshkent yo‘nalishi bilan Toshkentga uchib keladi.

1 360
O‘zA